27-modda. Reklama axborotiga taalluqli hujjatlar va materiallar olish
Reklama toʻgʻrisida (723-I-son) · Sana: 25.12.1998 · Amalda
Reklama beruvchi, reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi vakolatli davlat organining talabiga koʻra u belgilagan muddatda reklama axborotiga taalluqli hujjatlar va materiallarni taqdim etishi shart.
Reklama beruvchilar, reklama tayyorlovchilar va tarqatuvchilarning reklamaga taalluqli hujjatlari va materiallarini moneliksiz olish huquqi vakolatli davlat organining mansabdor shaxslariga beriladi.
Tijorat siri hisoblangan va ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan mansabdor shaxslar tomonidan olingan maʼlumotlar oshkor qilinmasligi lozim.
Vakolatli davlat organining mansabdor shaxslari tijorat siri hisoblangan maʼlumotlarni oshkor qilgan taqdirda, reklama beruvchiga, reklama tayyorlovchi va tarqatuvchiga yetkazilgan zararning oʻrni, shu jumladan maʼnaviy zarar qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanadi.
