29-modda. Reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Reklama toʻgʻrisida (723-I-son) · Sana: 25.12.1998 · Amalda
Reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Reklama beruvchi reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikning reklama tayyorlash uchun taqdim etiladigan axborotning mazmuniga doir qismi buzilganligi uchun, agar ushbu qonunbuzarlik reklama tayyorlovchining yoki reklama tarqatuvchining aybi bilan yuz berganligi isbotlanmasa, javobgar boʻladi.
Reklama tayyorlovchi reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikning reklama tayyorlashga doir qismi buzilganligi uchun javobgar boʻladi.
Reklama tarqatuvchi reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikning reklamani tarqatish vaqti, joyi va vositalariga taalluqli qismi buzilganligi uchun javobgar boʻladi.
Reklama beruvchi, reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi — yuridik shaxslarning mansabdor shaxslari, reklama beruvchi, reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi — jismoniy shaxslar notoʻgʻri reklama berganlik, aksilreklama berishdan bosh tortganlik, reklama qilinishi qonunchilik bilan taqiqlangan mahsulotni reklama qilganlik, reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishini tugatish haqidagi koʻrsatmani oʻz vaqtida bajarmaganlik, tashqi reklamani joylashtirish tartibiga rioya qilmaganlik, reklama axborotiga taalluqli hujjatlar va materiallarni vakolatli davlat organiga belgilangan muddatda taqdim etmaganlik yoki atayin notoʻgʻri maʼlumotlar takdim etganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.
Maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganligi reklama beruvchilar, reklama tayyorlovchilar va tarqatuvchilarni vakolatli davlat organining qarorini yoki koʻrsatmasini bajarish yoki reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni sodir etish majburiyatidan ozod qilmaydi.
