20-modda. Tashqi reklama
Reklama toʻgʻrisida (723-I-son) · Sana: 25.12.1998 · Amalda
Tashqi reklamaga alohida maxsus konstruksiyalarda, taxtalavhalarda, ekranlarda, binolarda, inshootlarda, yoʻl chekkalarida, koʻcha yoritgichlarining tayanchlari va hokazolarda joylashtiriladigan reklama kiradi.
Tashqi reklamani joylashtirish tartibi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida belgilanadi.
Muayyan shaxs egallab turgan binoning tashqi tomonida, binoga kirish joyida shu shaxs toʻgʻrisida joylashtirilgan yoki mazkur shaxsning mahsuloti haqida shu bino vitrinasidagi axborot (peshlavha) reklama deb hisoblanmaydi va buning uchun mahalliy davlat hokimiyati organlarining ruxsatini olish talab etilmaydi.
Tashqi reklamani koʻcha yoritkichlarining tayanchlarida hamda koʻcha va yoʻllar qatnov qismi uzra joylashtirish xavfsizlik texnikasi talablariga rioya qilgan holda va yoʻl belgilari, svetoforlar, chorrahalar, piyodalarning oʻtish joylari, umum foydalanishdagi transport vositalari bekatlarini toʻsib qoʻymagan holda, shuningdek bunday reklama yoʻl belgilari tasvirini takrorlanmagan (yoki aynan taqlid qilmagan) taqdirda amalga oshiriladi.
Tabiatni muhofaza qilish obyektlari doirasida tashqi reklamani joylashtirishga mahalliy davlat hokimiyati organlari yoki tegishli davlat boshqaruv organlarining vakolat doirasida ular bilan kelishilgan holda ruxsat beriladi.
Tashqi reklamani moddiy madaniy meros obyektlarida, yoʻl belgilarida va svetoforlarda, ularning tirgaklarida yoki harakatni tartibga solib turuvchi boshqa har qanday qurilmalarda, shuningdek dov-daraxtlarni payhon qilish va tutash hududdagi obodonlashtirish vositalarini buzish yoʻli bilan joylashtirish taqiqlanadi
