19-modda. Telefon va hujjatli elektr aloqadan foydalaniladigan tarzdagi reklama
Reklama toʻgʻrisida (723-I-son) · Sana: 25.12.1998 · Amalda
Teleks va faksimil aloqa yordamida reklama qilishga, agar oluvchining maxsus soʻrovi boʻlmasa, bir manzilga bir varaqdan ortiq boʻlmagan hajmda bir marta joʻnatishga yoʻl qoʻyiladi.
Mahalliy, shaharlararo yoki xalqaro telefon aloqasidan foydalanilgan holda koʻrsatiladigan xizmatlar reklamasi reklama vositalarida tarqatilgan taqdirda quyidagi aniq axborotlardan tarkib topgan boʻlishi kerak:
xizmatning pulli yoki tekin yoʻsinda ekanligi hamda uning qiymati toʻgʻrisidagi axborot;
taklif etilgan xizmatning mazmuni toʻgʻrisidagi axborot;
xizmat isteʼmolchilari doirasiga nisbatan qonunchilikda belgilangan hamda xizmatning ishlab chiqaruvchisi tomonidan belgilangan — yoshga doir va boshqa cheklashlar toʻgʻrisidagi axborot;
telefon aloqa kanalidan pulli foydalanish va tegishli mintaqada xizmatdan 1 minut foydalanishning qiymati toʻgʻrisidagi axborot.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan axborot reklama xizmatini taqdim etish uchun foydalaniladigan telefon raqami terilgan shrift hajmining kamida yarmiga teng hajmdagi shrift bilan bosilishi shart.
Ichki ishlar organlari, tez tibbiy yordam, yongʻindan saqlash va shu kabi xizmatlarning bepul xizmat koʻrsatadigan telefon raqamlaridan reklama tarqatish uchun foydalanish taqiqlanadi.
