15-modda. Qiyosiy reklama
Reklama toʻgʻrisida (723-I-son) · Sana: 25.12.1998 · Amalda
Qiyosiy reklama — raqobatchiga yoki uning tomonidan taqdim etilayotgan muayyan bir turdagi mahsulotga bevosita yoki bilvosita aynanlashtiriladigan reklamadir.
Agar reklamada mahsulotning moddiy, muhim, ishonchli xossalari xolisona va insofli taqqoslansa, agar bunda reklama undan foydalanuvchini chalgʻitib qoʻymasa va chalgʻitib qoʻyishi ham mumkin boʻlmasa, reklama beruvchi bilan raqobatchining shaxsi yoki reklama beruvchining va raqobatchining tovar belgilari (xizmat koʻrsatish belgilari), firma nomi, mahsuloti aralashib ketmasa hamda raqobatchining ishchanlik obroʻsini yoki uning tovar belgisini (xizmat koʻrsatish belgisini), firma nomini, mahsuloti yoki faoliyatini badnom etmasa, qiyosiy reklamaga yoʻl qoʻyiladi.
