24-modda. Arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatlari
Arxiv ishi toʻgʻrisida (O‘RQ-252-son) · Sana: 15.06.2010 · Amalda
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlashning quyidagi muddatlari belgilanadi:
davlat hokimiyati organlarining, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, respublika boʻysunuvidagi davlat muassasalari va tashkilotlarining, shuningdek davlat ishtirokidagi korxonalarning arxiv hujjatlari — oʻn besh yil mobaynida;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hududiy boʻlinmalarining, viloyat boʻysunuvidagi davlat muassasalari va tashkilotlarining arxiv hujjatlari — oʻn yil mobaynida;
tuman va shahar boʻysunuvidagi davlat muassasalari va tashkilotlarining arxiv hujjatlari — besh yil mobaynida;
ustav fondida davlat ulushi boʻlgan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, boshqa tashkilotlarning arxiv hujjatlari — oʻn yil mobaynida;
ilmiy, texnologik, konstruktorlik va patent hujjatlari — yigirma yil mobaynida;
kapital qurilish boʻyicha loyiha hujjatlari — yigirma besh yil mobaynida;
telemetrik hujjatlar — besh yil mobaynida;
ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinohujjatlar, fotohujjatlar — tayyorlangan vaqtidan boshlab uch yildan oshmagan muddat mobaynida;
mashinada oʻqiladigan hujjatlar — besh yil mobaynida;
maxfiy hujjatlar — oʻttiz yil mobaynida.
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatlari oʻtgach ular belgilangan tartibda davlat arxivlariga elektron koʻchirma nusxalari bilan birga, alohida qimmatli hujjatlar va noyob hujjatlar uchun esa sugʻurta nusxalari bilan birga topshiriladi.
Agar qonunchilikda yoki hujjatlarni saqlash muddatlari koʻrsatilgan sohaviy roʻyxatda boshqacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa, fuqarolik holati dalolatnomalarining yozuvlari, notarial harakatlarning yozuvlari, sud ishlari va xoʻjalik kitoblari idoraviy arxivlarda yetmish besh yil mobaynida saqlanishi lozim hamda idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatlari oʻtgach ular belgilangan tartibda davlat arxivlariga topshiriladi.
Arxiv hujjatlarining elektron nusxalari Yagona milliy arxiv axborot tizimi orqali topshiriladi.
Idoraviy arxivda vaqtincha saqlash muddati tugagan maxfiy hujjatlar maxfiylikdan chiqarish nuqtai nazaridan koʻrib chiqilganidan keyin ekspertlar komissiyasining xulosasiga koʻra, davlat arxiviga belgilangan tartibda topshiriladi.
