23-modda. Arxiv hujjatlarini saqlash
Arxiv ishi toʻgʻrisida (O‘RQ-252-son) · Sana: 15.06.2010 · Amalda
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning arxiv hujjatlarini, shuningdek jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlarini saqlash ular tomonidan mustaqil amalga oshiriladi.
Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlari doimiy (muddatsiz) saqlanishi lozim va ularni yoʻq qilib tashlash taqiqlanadi.
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini doimiy (muddatsiz) saqlash davlat arxivlari, muzeylari va axborot-kutubxona muassasalarida, shuningdek roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan vazirliklar va idoralarda amalga oshiriladi.
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini vazirliklar va idoralarda doimiy (muddatsiz) saqlash “Oʻzarxiv” agentligi bilan kelishilgan idoraviy normativ hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash ushbu Qonunning 24-moddasida belgilangan muddatlar mobaynida amalga oshiriladi.
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli boʻlmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlari arxivlar va idoraviy arxivlarda, shuningdek jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari tarkibida saqlanishi mumkin.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning arxiv hujjatlari, jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari arxivlar, muzeylar va axborot-kutubxona muassasalariga depozitar saqlash uchun topshirilishi mumkin.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar shaxsiy tarkib boʻyicha hujjatlarni saqlashi shart.
Davlat hokimiyati organlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari hujjatlarni saqlash muddatlari koʻrsatilgan sohaviy roʻyxatlarini ishlab chiqishi hamda “Oʻzarxiv” agentligi bilan kelishishi shart.
Elektron hujjatlarni, shuningdek arxiv hujjatining elektron nusxalarini saqlash muddatlari ushbu turdagi qogʻozdagi hujjatlar uchun belgilangan muddatlardan kam boʻlmasligi kerak.
Arxiv hujjatlarini saqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
