Erkin iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida (220-I-son)
25.04.1996
Hujjat kuchini yo‘qotgan 19.05.2020
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Erkin iqtisodiy zona tushunchasi
Erkin iqtisodiy zona — mintaqani jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun mamlakat va chet el kapitalini, istiqbolli texnologiya va boshqaruv tajribasini jalb etish maqsadida tuziladigan, aniq belgilangan maʼmuriy chegaralari va alohida huquqiy tartiboti boʻlgan maxsus ajratilgan hududdir.
Erkin iqtisodiy zona hududida yuridik shaxslar va fuqarolar (jismoniy shaxslar) xoʻjalik, moliyaviy va boshqa faoliyatning istalgan turlari bilan shugʻullanishiga yoʻl qoʻyiladi, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida man etilgan faoliyat turlari bundan mustasno.
2-modda. Erkin iqtisodiy zonalar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Erkin iqtisodiy zonalar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining erkin iqtisodiy zonalar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Erkin iqtisodiy zonani tuzish
Erkin iqtisodiy zona Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tashkil etiladi. Erkin iqtisodiy zonaning maqomi, shuningdek uning qancha muddatga tashkil etilishi mazkur zonani tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror bilan belgilanadi.
Erkin iqtisodiy zonaning chegaralari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Erkin iqtisodiy zonaning faoliyat koʻrsatish muddatini uzaytirish belgilangan muddat tugashidan kamida uch yil oldin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan amalga oshiriladi.
4-modda. Erkin iqtisodiy zona maqomini tugatish
Erkin iqtisodiy zonaning maqomi:
uni tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorda belgilangan muddat tugaganidan keyin;
uni tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorda nazarda tutilgan vazifalar bajarilmaganda va maqsadlarga erishilmaganda tugatiladi.
Erkin iqtisodiy zonaning maqomini tugatish toʻgʻrisidagi qaror belgilangan muddat tugashidan kamida uch yil oldin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi.
5-modda. Erkin iqtisodiy zonalarning turlari
Erkin iqtisodiy zonalar:
erkin savdo zonalari;
erkin ishlab chiqarish zonalari;
erkin ilmiy-texnikaviy va boshqa zonalar tarzida tuzilishi mumkin.
6-modda. Erkin savdo zonalari
Erkin savdo zonalari konsignatsiya omborlarini, erkin bojxona zonalarini, shuningdek tovarlarga ishlov berish, ularni oʻrash-joylash, saralash, saqlash zonalarini oʻz ichiga oladi.
Erkin savdo zonalari chegaraga tutash punktlarda, aeroportlarda, temir yoʻl uzellarida yoki Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududining boshqa joylarida tuziladi.
7-modda. Erkin ishlab chiqarish zonalari
Erkin ishlab chiqarish zonalari — tadbirkorlikni ragʻbatlantirish, iqtisodiyotning ustun tarmoqlariga chet el investitsiyalarini jalb etish, istiqbolli texnologiyalarni joriy etish maqsadida xoʻjalik-moliyaviy faoliyatning alohida tartiboti joriy etiladigan hududlardir.
Erkin ishlab chiqarish zonalari eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish zonalarini, agropolislarni, tadbirkorlik zonalarini, industrial-iqtisodiy zonalarni va boshqa zonalarni oʻz ichiga oladi.
8-modda. Erkin ilmiy-texnikaviy zonalar
Erkin ilmiy-texnikaviy zonalar alohida ajratilgan hududlardan iborat boʻlib, u yerda ilmiy-ishlab chiqarish va oʻquv markazlari jamlanadi hamda ular uchun ilmiy va ishlab chiqarish imkoniyatini rivojlantirishga qaratilgan maxsus huquqiy tartibot oʻrnatiladi.
Erkin ilmiy-texnikaviy zonalar yuksak texnologiyalar amal qiladigan zonalar, texnoparklar, mintaqaviy innovatsiya markazlari—texnopolislar shaklida tashkil etiladi.
9-modda. Yuridik va jismoniy shaxslar huquqlari hamda manfaatlarining kafolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi erkin iqtisodiy zona hududida faoliyat yuritayotgan yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishini kafolatlaydi.
Erkin iqtisodiy zonalarda investorlarning Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan barcha kafolatlari va imtiyozlariga rioya etilishi taʼminlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan qoʻshimcha kafolatlar va imtiyozlar nazarda tutilishi mumkin.
Davlat organlari va boshqa organlar yoxud mansabdor shaxslarning yuridik va jismoniy shaxslar faoliyatiga asossiz aralashuvi natijasida ularga yetkazilgan zararning oʻrni, shuningdek boy berilgan foyda hamda yetkazilgan maʼnaviy ziyon sud tartibida qoplanishi yoki kompensatsiya qilinishi kerak.
10-modda. Erkin iqtisodiy zonani rivojlantirish dasturi
Erkin iqtisodiy zona Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan dasturga muvofiq rivojlantiriladi.
Erkin iqtisodiy zonani rivojlantirish dasturi ishlab chiqarish va bozor infrastrukturasini yaratishni, alohida huquqiy tartibotni taʼminlashni, yuridik va jismoniy shaxslarning faoliyatini iqtisodiy ragʻbatlantirish choralarini oʻz ichiga oladi.
Erkin iqtisodiy zonani rivojlantirish dasturini moliyaviy taʼminlash zonaning oʻz resurslari hamda xususiy va boshqa manbalardan mablagʻlar jalb etish, shu jumladan xalqaro dasturlar hisobiga, shuningdek mazkur hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga respublika budjetidan va mahalliy budjetdan ajratiladigan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
II. ERKIN IQTISODIY ZONALARNING HUQUQIY TARTIBOTI
11-modda. Huquqiy tartibotning oʻziga xos jihatlari
Erkin iqtisodiy zonalarda alohida bojxona, valyuta, soliq tartiboti, shuningdek fuqarolar kirishi, chiqishi va bu yerda boʻlishining, mehnat munosabatlari, moliya-kredit faoliyatining alohida tartiboti hamda investitsiyalarni jalb etishga, tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirishga va zonani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan boshqacha tartibot oʻrnatilishi mumkin.
Yuridik va jismoniy shaxslarning alohida huquqiy tartibotni buzish yoʻli bilan olgan daromadi (foydasi) qonun hujjatlariga muvofiq undirib olinadi.
12-modda. Alohida bojxona tartiboti
Alohida bojxona tartiboti:
tovarlarni olib kirish va olib chiqish uchun bojxona bojlarini bekor qilish yoki kamaytirishni;
eksport yoki import uchun tarifdan tashqari cheklashlarni bekor qilish yoki yengillashtirishni;
tovarlarni belgilangan tartibda albatta bayonnomaga kiritgan holda erkin iqtisodiy zonaning bojxona chegarasi orqali olib oʻtishning soddalashtirilgan tartibini nazarda tutishi mumkin.
Erkin iqtisodiy zona hududida alohida bojxona tartibotini Oʻzbekiston Respublikasining bojxona organlari taʼminlaydi.
Alohida bojxona tartiboti erkin iqtisodiy zona hududi orqali tovarlarni tranzit olib oʻtishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
13-modda. Alohida valyuta tartiboti
Alohida valyuta tartiboti milliy va chet el valyutalarining erkin muomalada boʻlishi hamda ayirboshlanishini nazarda tutadi.
Alohida valyuta tartibotining amal qilish tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilaydi.
14-modda. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar
Erkin iqtisodiy zona hududidagi xoʻjalik faoliyati qatnashchilari (yuridik va jismoniy shaxslar) mamlakat investorlari va chet ellik investorlar uchun teng shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda qonun hujjatlarida belgilanadigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlardan foydalanadi.
15-modda. Mehnat resurslari
Erkin iqtisodiy zonadagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ishlash uchun eng avvalo mahalliy mehnat resurslari jalb etiladi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining boshqa mintaqalarida yashovchi shaxslar va chet el fuqarolari ham jalb etilishi mumkin. Erkin iqtisodiy zonaga mehnat resurslarini jalb etish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
16-modda. Erkin iqtisodiy zonalarda mehnat munosabatlarini tartibga solish
Erkin iqtisodiy zonalarda mehnat munosabatlari qonun hujjatlari, jamoa shartnomalari (kelishuvlari) va yakka tartibdagi mehnat shartnomalari (kontraktlari) bilan tartibga solinadi.
Jamoa shartnomalari va yakka tartibdagi mehnat shartnomalari mazkur korxonalar, muassasalar va tashkilotlar xodimlarining ahvolini qonun hujjatlarida, shuningdek Xalqaro mehnat tashkilotining Oʻzbekiston Respublikasi ham qatnashchisi boʻlgan konvensiyalarida nazarda tutilgan shartlarga nisbatan yomonlashtirishi mumkin emas.
17-modda. Erkin iqtisodiy zonaning budjeti
Erkin iqtisodiy zona mustaqil budjetga ega boʻladi.
Erkin iqtisodiy zonani shakllantirish bosqichida kreditlar berish yoki ishlab chiqarish va ijtimoiy infrastruktura obyektlarini toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalash tarzida respublika budjeti va mahalliy budjetdan mablagʻlar jalb etilishi mumkin.
Erkin iqtisodiy zonaning budjeti erkin iqtisodiy zonaning Maʼmuriy kengashi (bundan buyon matnda Maʼmuriy kengash deb yuritiladi) foydalanishi va boshqaruvida boʻlgan yer, binolar va inshootlarni ijaraga berishdan, xizmatlar koʻrsatishdan keladigan tushumlardan va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlardan shakllantiriladi.
18-modda. Erkin iqtisodiy zonaga kirish, erkin iqtisodiy zonadan chiqish va uning hududida boʻlish tartibi
Erkin iqtisodiy zonaga chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning kirishi, iqtisodiy zonadan chiqishi va shu hududda boʻlishining qonun hujjatlarida belgilab qoʻyiladigan soddalashtirilgan tartiboti joriy etilishi mumkin.
19-modda. Sugʻurta
Erkin iqtisodiy zona qatnashchilarining investitsiyalari va tavakkalchiligini sugʻurta qilish ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi.
Sugʻurta himoyasi qonun hujjatlariga muvofiq taʼminlanadi.
III. ERKIN IQTISODIY ZONANI BOShQARISh
20-modda. Erkin iqtisodiy zonaning boshqaruv organlari
Erkin iqtisodiy zonaning faoliyati Maʼmuriy kengash tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Erkin iqtisodiy zona direksiyasi (bundan buyon matnda direksiya deb yuritiladi) erkin iqtisodiy zonaning operativ boshqaruv organidir.
21-modda. Erkin iqtisodiy zonaning Maʼmuriy kengashi
Maʼmuriy kengash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tuziladi.
Maʼmuriy kengashga rais boshchilik qiladi. Erkin iqtisodiy zonaning chegaralari Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birligi (tuman, shahar, shahardagi tuman) chegarasiga toʻgʻri kelgan taqdirda, Maʼmuriy kengash raisining vazifalarini ijro etish tegishli hokim zimmasiga yuklanadi.
22-modda. Erkin iqtisodiy zona Maʼmuriy kengashining vakolatlari
Maʼmuriy kengash:
alohida huquqiy tartibotga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
erkin iqtisodiy zonani rivojlantirish dasturini ishlab chiqadi;
erkin iqtisodiy zonada joylashtirish uchun investorlar tanlovini amalga oshiradi;
erkin iqtisodiy zonaning faoliyat koʻrsatishi bilan bogʻliq masalalar boʻyicha davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
erkin iqtisodiy zonaga investitsiyalarni jalb etish uchun qoʻshimcha shartlar belgilaydi;
erkin iqtisodiy zonaning har yilgi budjetini koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi.
Maʼmuriy kengash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Maʼmuriy kengashning oʻz vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari erkin iqtisodiy zona hududidagi xoʻjalik faoliyati qatnashchilari (yuridik va jismoniy shaxslar) ijro etishi uchun majburiydir.
23-modda. Erkin iqtisodiy zonada davlat mulki huquqining oʻziga xos jihatlari
Erkin iqtisodiy zona chegaralarida joylashgan davlat mulki obyektlari (er, suv, yer osti boyliklari va boshqa tabiiy resurslar, binolar, inshootlar) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʻz vakolatlari doirasidagi qaroriga koʻra operativ boshqarish yoki xoʻjalik yuritish huquqi asosida Maʼmuriy kengashga topshirilishi mumkin.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari Maʼmuriy kengashga topshirilgan yer, suv, yer osti boyliklari, boshqa tabiiy resurslar va obyektlardan oqilona foydalanilishi hamda ularning muhofaza qilinishi ustidan nazoratni taʼminlaydi.
Erkin iqtisodiy zona hududida joylashgan davlat mulki obyektlarini xususiy mulk qilib sotish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
24-modda. Erkin iqtisodiy zona direksiyasi
Direksiya yuridik shaxs boʻlib, u qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi.
Direksiya:
alohida huquqiy tartibotning amal qilishini taʼminlaydi;
Maʼmuriy kengash tomonidan tanlab olingan investorlar majburiyatlari lozim darajada bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
erkin iqtisodiy zonani rivojlantirish dasturi amalga oshirilishini taʼminlaydi;
erkin iqtisodiy zona hududida xoʻjalik faoliyati qatnashchilarining (yuridik va jismoniy shaxslarning) roʻyxatdan oʻtkazilishini amalga oshiradi;
ekologik holatning yaxshilanishi ustidan nazoratni taʼminlaydi, shuningdek moddiy madaniy meros obyektlarining but saqlanishi uchun javobgar boʻladi.
Direksiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Direksiya yuridik va jismoniy shaxslarning operativ xoʻjalik, moliyaviy faoliyatiga hamda boshqa faoliyatiga aralashishga haqli emas, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
25-modda. Erkin iqtisodiy zona hududida xoʻjalik faoliyati qatnashchilarini roʻyxatdan oʻtkazish
Erkin iqtisodiy zona hududida xoʻjalik faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar direksiyada roʻyxatdan oʻtadi.
Direksiya roʻyxatdan oʻtkazilgan yuridik yoki jismoniy shaxsga erkin iqtisodiy zonada roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma beradi va bu haqda tegishli davlat boshqaruvi organlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xabar qiladi.
Yuridik va jismoniy shaxslar qonun hujjatlarini buzgan taqdirda, direksiya erkin iqtisodiy zona hududida yuridik yoki jismoniy shaxsning faoliyatini tugatish hamda unga berilgan guvohnomani bekor qilish toʻgʻrisida sudga murojaat qilishga haqli.
26-modda. Korxonalar, muassasalar, tashkilotlarni qayta tashkil etish va tugatish
Erkin iqtisodiy zonada ishlab turgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi mumkin.
Korxonalar, muassasalar yoki tashkilotlar qayta tashkil etilgan va tugatilgan taqdirda, mehnat shartnomasi (kontrakt) bekor qilinayotgan xodimda qonun hujjatlarida belgilangan kafolatlar saqlanib qoladi.
27-modda. Nizolarni hal etish
Erkin iqtisodiy zonalar sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 25-aprel,
220-I-son
