190-modda. Xodimning sogʻligʻiga shikast yetganligi munosabati bilan toʻlanishi lozim boʻlgan zarar miqdori
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Toʻlanishi lozim boʻlgan zarar jabrlanuvchining mehnatda mayib boʻlishiga qadar olgan oʻrtacha oylik ish haqiga nisbatan foiz hisobida, uning kasbga oid mehnat qobiliyatini yoʻqotganlik darajasiga muvofiq belgilanadigan har oylik toʻlovdan, sogʻligʻiga shikast yetishi bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlarning kompensatsiyasidan, shuningdek belgilangan hollarda esa, — bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlashdan iboratdir.
Kasbga oid mehnat qobiliyatini yoʻqotganlik darajasi va jabrlanuvchining qoʻshimcha yordam turlariga muhtojligi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan aniqlanadi.
Zarar oʻrnini qoplash uchun toʻlovlarni tayinlashda jabrlanuvchi olayotgan ish haqi, stipendiya, pensiya va boshqa daromadlar hisobga olinmaydi. Bunda mehnatda mayib boʻlgan jabrlanuvchilar — nogironligi boʻlgan shaxslarga zararni qoplash uchun toʻlanadigan summa qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 17,6 foizidan oz boʻlishi mumkin emas.
