189-modda. Ish beruvchining xodim sogʻligʻiga yetkazilgan zararni toʻlash majburiyati
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Xodimning sogʻligʻiga mehnatda mayib boʻlishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki u oʻz mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda sogʻligʻining boshqacha tarzda shikastlanishi sababli yetkazilgan zararni ish beruvchi toʻliq hajmda toʻlashi shart.
Xodimning ish beruvchining hududida ham, uning tashqarisida ham mehnatda mayib boʻlishi, shuningdek ish beruvchi tomonidan ajratilgan transportda ish joyiga kelayotgan yoki ishdan qaytayotgan vaqtda shikastlanishi natijasida yetkazilgan zarar uchun ish beruvchi moddiy javobgar boʻladi.
Mehnatda mayib boʻlish oqibatida yoki oʻz mehnat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq holda sogʻligʻining boshqacha tarzda shikastlanishi sababli xodimga yetkazilgan zararni ish beruvchi, basharti zarar uning aybi bilan kelib chiqmaganligini isbotlab berolmasa, toʻlashi shart.
Oʻz mehnat vazifalarini bajarayotgan vaqtida yuqori xavf manbai natijasida xodimning sogʻligʻiga yetkazilgan zararni ish beruvchi, basharti zarar uni bartaraf qilish mumkin boʻlmagan kuchlar tufayli yoki jabrlanuvchi qasddan qilganligi oqibatida kelib chiqqanligini isbotlab berolmasa, toʻlashi shart.
