51-2-modda. Xodimlarni boʻshatib olish asoslari va tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat qonunlari kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (929-XII-son) · Sana: 02.09.1993 · Amalda
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar tugatilishi, xodimlar sonini yoki shtatini qisqartirishga doir tadbirlar amalga oshirilishi munosabati bilan xodimlar korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan boʻshatib olinishi mumkin.
Xodimlar amalga oshirilajak ishdan boʻshatib olish toʻgʻrisida kamida ikki oy oldin shaxsan tilxat orqali ogohlantiriladilar.
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar maʼmuriyati xodimlarni ommaviy ravishda boʻshatib olish ehtimoli toʻgʻrisida oʻz vaqtida, biroq kamida uch oy oldin tegishli kasaba uyushmasi organiga xabar qiladi.
Xodimlar soni yoki shtat qisqartirilishi munosabati bilan xodimlar boʻshatib olinganida ushbu Kodeksning 42-moddasi va jamoa shartnomasida nazarda tutilgan ularni ishda qoldirishga doir imtiyozli huquq hisobga olinadi.
Xodimlar soni yoki shtat qisqartirilishi sababli boʻshatish xususida ogohlantirish bilan bir vaqtda maʼmuriyat aynan ana shu korxona, muassasa va tashkilotda xodimga boshqa ishni yozma ravishda taklif qiladi.
Xodim boshqa korxona, muassasa va tashkilotga murojaat qilish yoki ish bilan taʼminlash xizmatining bepul vositachiligi orqali yangi ish joyi tanlash huquqiga ega.
Maʼmuriyat har bir xodimning kasbi, ixtisosi, malakasi va ish haqining miqdorini koʻrsatgan holda boʻlajak boʻshatib olish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ish bilan taʼminlash xizmati mahalliy organiga kamida ikki oy oldin maʼlum qilishi shart.
