27-modda. Davlat sugʻurta nazoratining huquqlari
Sugʻurta toʻgʻrisida (833-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
1. Oʻzdavsugʻurtanazorat oʻziga yuklatilgan vazifalarni ado etishda:
a) ushbu Qonun asosida oʻziga berilgan huquqlar doirasida sugʻurta tashkilotlari faoliyatini tartibga solib turuvchi uslubiy va meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqish;
b) sugʻurta tashkilotlarining pul mablagʻlari ular qabul qilgan majburiyatlarga muvofiqligini, ularning sugʻurtaga oid amaldagi qonunlar talablarini bajarishlarini tekshirish, xato va kamchiliklar aniqlangan taqdirda farmoyishlar chiqarish, farmoyishlar belgilangan tartibda bajarilmagan taqdirda ruxsatnomalarning amal qilishini toʻxtatib turish yoki cheklab qoʻyish yoxud ruxsatnomalarni qaytarib olish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish huquqiga ega.
2. Davlat sugʻurta nazoratining mansabdor shaxslari sugʻurtalovchining tijorat siri boʻlgan maʼlumotlardan gʻarazli maqsadda foydalanishga va ularni biron bir tarzda oshkor qilishga haqli emaslar.
