26-modda. Sugʻurta tashkilotlarining faoliyatini tartibga solish
Sugʻurta toʻgʻrisida (833-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
1. Sugʻurta tashkilotlarining faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sugʻurta munosabatlari barcha ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari muhofaza etilishini taʼminlashga qaratilgandir. Davlat sugʻurta nazorati (“Oʻzdavsugʻurtanazorat”) sugʻurta tashkilotlarining ushbu Qonun talablariga rioya etishlarini taʼminlaydi va ularning faoliyatini nazorat qilib boradi.
Oʻzdavsugʻurtanazorat:
a) Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritadigan sugʻurta tashkilotlarini roʻyxatga oladi va ularga sugʻurta faoliyatining muayyan turlari uchun ruxsatnomalar beradi;
b) sugʻurta tashkilotlari sugʻurta toʻgʻrisidagi amaldagi qonunlar talablariga rioya etishlarini nazorat qilib boradi;
v) hisob-kitobni yuritish, hisobotlar tuzish, rezerv va zaxira fondlar hosil qilishning bir xilda boʻlishini taʼminlaydi;
g) sugʻurta ishi tajribasini umumlashtiradi, sugʻurtaga oid amaldagi qonunlarni tatbiq etish masalalari yuzasidan sugʻurta tashkilotlariga tushuntirishlar beradi, bu qonunlarni takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqadi;
d) sugʻurta faoliyatini yaxshilash yuzasidan tavsiyalar kiritadi;
e) sugʻurtalovchilarning, sugʻurtalovchilar birlashmalarining yagona davlat roʻyxatini, shuningdek sugʻurta brokerlari roʻyxatini yuritadi.
2. Sugʻurta tashkiloti faoliyati toʻxtatilgan taqdirda Oʻzdavsugʻurtanazorat ana shu tashkilot bilan tuzilgan sugʻurta shartnomalari amal qilishini davom ettirish choralarini koʻradi.
3. Oʻzdavsugʻurtanazorat faoliyatining tashkiliy tuzilishini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
