25-modda. Shirkat boshqaruvining vakolatlari
Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida (O‘RQ-32-son) · Sana: 12.04.2006 · Amalda
Shirkat boshqaruvi shirkat faoliyatining barcha masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilishga haqli, shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi vakolatiga kiritilgan masalalar bundan mustasno.
Shirkat boshqaruvining vakolatlariga quyidagilar kiradi:
shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishini hamda joy mulkdorlari yigʻilishini chaqirish va ularning oʻtkazilishini tashkil etish;
umumiy mol-mulkni, shirkatning yer uchastkasini va mol-mulkini saqlash ishlari rejasining loyihasini hamda uning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tuzish;
shirkatning yillik daromadlar va xarajatlar smetasi loyihasini hamda uning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tuzish;
shirkat ustavi talablarining va shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishi qarorlarining bajarilishini taʼminlash;
boshqaruvchilikka (ijrochi direktorlikka) nomzodlarning yoki boshqaruvchi tashkilotning tanlov asosida tanlab olinishini tashkil etish;
pudratchilarni tanlov asosida tanlagan holda umumiy mol-mulkka, shirkatning mol-mulkiga xizmat koʻrsatish hamda ularni taʼmirlash uchun buyurtmachi vazifalarini bajarish;
tanlov gʻolibi bilan umumiy mol-mulkni va shirkat mol-mulkini boshqarish, ularga xizmat koʻrsatish hamda ularni taʼmirlash uchun shartnomalar tuzish;
umumiy mol-mulk, shirkatning yer uchastkasi va mol-mulki asralishi va saqlanishi ustidan nazorat qilish;
uskunalar, asbob-anjomlar va boshqa moddiy boyliklarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olish, ularni sotish, topshirish, ayirboshlash, ijaraga berish, shuningdek ularni shirkatning balansidan chegirib tashlash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
ichki mehnat tartibi qoidalarini tasdiqlash;
shirkat aʼzolarining ariza va shikoyatlarini koʻrib chiqish;
ish yuritish, buxgalteriya hisobi va hisobotini, mablagʻlar tushumi hamda ularni sarflash hisobini shirkatdagi koʻp kvartirali har bir uy boʻyicha alohida-alohida yuritish;
shirkat aʼzolari belgilangan majburiy badallar va toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlashlari ustidan nazorat qilish hamda qarzdorlikni tugatish choralarini koʻrish;
shirkatning mablagʻlarini shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi tasdiqlagan shirkat daromadlari va xarajatlari smetasiga muvofiq tasarruf etish.
Shirkat boshqaruvi qonun hujjatlariga va shirkat ustaviga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
