24-modda. Shirkat boshqaruvi
Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida (O‘RQ-32-son) · Sana: 12.04.2006 · Amalda
Shirkat boshqaruvi shirkatning joriy faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi.
Shirkat boshqaruvi shirkat aʼzolari orasidan shirkat ustavida belgilangan tarkibda va muddatga umumiy yigʻilish tomonidan saylanadi.
Shirkat boshqaruvi shirkat boshqaruvi raisi tomonidan shirkat ustavida belgilangan muddatlarda, lekin oyiga kamida bir marta chaqiriladi.
Shirkat boshqaruvining majlisi unda boshqaruv aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli deb topiladi.
Shirkat boshqaruvining aʼzosi boshqaruv majlisida bir ovozga ega boʻladi.
Shirkat boshqaruvining qarorlari boshqaruv aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Shirkat boshqaruvining majlisi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Shirkat aʼzolari shirkat boshqaruvining majlislarida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etishlari mumkin.
