26-modda. Shirkat boshqaruvi raisi
Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida (O‘RQ-32-son) · Sana: 12.04.2006 · Amalda
Shirkat boshqaruvi raisi umumiy yigʻilish tomonidan shirkat aʼzolari orasidan shirkat ustavida belgilangan muddatga saylanadi.
Shirkat boshqaruvi raisi:
shirkat boshqaruvi faoliyatiga rahbarlik qiladi;
shirkatning manfaatlarini ifodalaydi;
shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining va shirkat boshqaruvining qarorlari bajarilishini taʼminlaydi;
shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining yoki shirkat boshqaruvining qarorlariga muvofiq moliyaviy hujjatlarni, shartnomalarni imzolaydi;
umumiy mol-mulkni va shirkatning mol-mulkini boshqarish, ularga xizmat koʻrsatish hamda ularni taʼmirlash usullari boʻyicha, boshqaruvchilikka (ijrochi direktorlikka) nomzod yoki boshqaruvchi tashkilot boʻyicha boshqaruv tomonidan tayyorlangan takliflarni shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi muhokamasiga kiritadi;
shirkat xodimlarining ish haqi miqdori va ularni taqdirlash toʻgʻrisidagi nizom, shirkatning boshqa nizomlari va qoidalari yuzasidan takliflarni shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi muhokamasiga kiritadi;
qonun hujjatlariga va ichki mehnat tartibi qoidalariga muvofiq shirkat xodimlari bilan mehnat shartnomalari tuzadi hamda ularni bekor qiladi.
Shirkat boshqaruvi raisining ushbu modda ikkinchi qismining toʻrtinchi, yettinchi va sakkizinchi xatboshilarida nazarda tutilgan vakolatlari boshqaruvchiga (ijrochi direktorga) yoki boshqaruvchi tashkilotga shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi qaroriga binoan shartnoma boʻyicha oʻtkazilishi mumkin.
