14-modda. Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatiga olish vaqtida tuman (shahar) yer kadastri daftariga kiritiladigan maʼlumotlar
Davlat yer kadastri toʻgʻrisida (666-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Amalda
Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatiga olish vaqtida tuman (shahar) yer kadastri daftariga quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
yer uchastkasiga boʻlgan huquqni olgan shaxs toʻgʻrisidagi;
yer uchastkasi toʻgʻrisidagi (yerning toifasi, foydalanish maqsadi, yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turi, yerning turi, uning sifati, chegaralari, maydoni, kadastr raqami va boshqa tavsiflari);
yer uchastkasining berilish shartlari, uni saqlash vazifalari va servitutlar toʻgʻrisidagi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga berish haqidagi qarorlari toʻgʻrisidagi;
davlat roʻyxatiga olish sanasi va tartib raqami toʻgʻrisidagi.
Yer kadastri daftariga qonunchilikda belgilangan boshqa maʼlumotlar ham kiritilishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismida sanab oʻtilgan maʼlumotlar yer roʻyxatiga doir axborotni tashkil etadi.
