15-modda. Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatiga olish asoslari
Davlat yer kadastri toʻgʻrisida (666-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Amalda
Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni belgilovchi, oʻzgartiruvchi yoki bekor qiluvchi hujjatlar ana shu huquqlarni davlat roʻyxatiga olish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Yer uchastkalariga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqlari viloyat va Toshkent shahar hokimining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining yer uchastkasini doimiy foydalanishga berish toʻgʻrisidagi qarorlari, yer uchastkasi berilgan (ajratilgan) paytdagi qonunchilikka muvofiq yer uchastkasini berish (ajratish) vakolatiga ega boʻlgan tashkilotlar va mansabdor shaxslarning hujjatlari asosida roʻyxatga olinadi.
Yerlarni ijaraga olish huquqi yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi asosida roʻyxatga olinadi.
Yer uchastkalariga boʻlgan mulk huquqi bunday huquqqa oid davlat orderi, oldi-sotdi shartnomalari va yer uchastkalariga boʻlgan mulk huquqi yuzaga kelishiga asos boʻladigan, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hujjatlarga asosan roʻyxatga olinadi.
Korxonaga, binoga, inshootga, koʻp yillik dov-daraxtga yoki boshqa koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqi, operativ boshqaruv huquqi boshqa shaxsga oʻtishi natijasida yuzaga kelgan doimiy egalik qilish, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, undan doimiy foydalanish va ijara huquqi ana shu mulklarning oldi-sotdisi, almashtirilganligi, hadya etilganligi, vasiyat qilinganligi toʻgʻrisidagi tegishli shartnomalar va yer uchastkasiga oid tegishli hujjatlar asosida roʻyxatga olinadi.
Servitutlar toʻgʻrisidagi bitimlar hamda yer uchastkalariga egalik qilish, ulardan foydalanish, ularni ijaraga olish, mulk huquqlariga doir boshqa cheklashlar tegishli shartnomalar, sudning qarorlari asosida roʻyxatga olinadi.
