99-modda. Kreditorlarning talablari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Kreditorlar qarzdorga nisbatan oʻz talablarini tashqi boshqaruv amal qilayotgan muddatning istalgan vaqtida taqdim etishga haqli. Mazkur talablar tashqi boshqaruvchiga qarzdorning pochta manzili boʻyicha yuboriladi. Kreditorlarning ushbu modda toʻrtinchi qismiga muvofiq aniqlangan deb eʼtirof etiladigan talablari bu talablarni aniqlangan deb belgilash imkonini beruvchi hujjatlar ilova etilgan holda tashqi boshqaruvchiga yuboriladi.
Tashqi boshqaruvchi kreditorlarning taqdim etilgan talablarini koʻrib chiqadi va ularni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha kreditorlarning talablari reyestriga tegishli talab olinganidan keyin uzogʻi bilan ikki hafta ichida tegishli yozuv kiritadi. Tashqi boshqaruvchi koʻrib chiqish natijalari haqida tegishli kreditorni kreditorning talablari olingan paytdan eʼtiboran uzogʻi bilan bir oylik muddat ichida xabardor qiladi.
Tashqi boshqaruvchining kreditorlar talablarini koʻrib chiqishi natijalari yuzasidan eʼtirozlarni bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrayotgan iqtisodiy sudga kreditor bu natijalardan xabardor boʻlgan paytdan eʼtiboran bir oylik muddat ichida bildirishi mumkin.
Kreditorlarning ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan muddatda eʼtirozlar bildirilmagan talablari tashqi boshqaruvchi tomonidan aniqlanadigan miqdorda, tarkibda va ularni qondirish navbatida aniqlangan talablar deb hisoblanadi.
