100-modda. Kreditorlarning eʼtirozlarini koʻrib chiqish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Kreditorlarning tashqi boshqaruvchi tomonidan aniqlangan talablari miqdori, tarkibi va ularni qondirish navbati xususidagi ushbu Qonunning 99-moddasida belgilangan muddatlarda berilgan eʼtirozlari iqtisodiy sud tomonidan mazkur eʼtirozlar olingan sanadan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay koʻrib chiqiladi.
Kreditorlarning eʼtirozlarini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha iqtisodiy sud ajrim chiqaradi, ajrimda kreditorlarning qaysi talablariga nisbatan eʼtirozlar asosli deb topilgan boʻlsa, kreditorlarning shu talablari miqdori, tarkibi va ularni qondirish navbati koʻrsatiladi.
Kreditorlar eʼtirozlarini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha iqtisodiy sud chiqargan ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish doirasida kreditorlarning eʼtirozlarini koʻrib chiqish chogʻida chiqarilgan ajrimlar va boshqa sud hujjatlari alohida ish yuritishda kreditorlarning qarzdorga nisbatan talablarini koʻrib chiqishda preyuditsial kuchga ega boʻladi.
Qarzdor xodimlari vakilining mehnat haqi toʻlash va mehnat shartnomasi boʻyicha ishlovchi shaxslarga ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlash boʻyicha qarzning miqdori va tarkibi toʻgʻrisidagi eʼtirozlari ham ushbu moddada belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
