98-modda. Tashqi boshqaruvchining majburiyatlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Tashqi boshqaruvchi:
qarzdorning mol-mulkini oʻz tasarrufiga qabul qilishi va uni inventarizatsiyadan oʻtkazishi;
qarzdorning uchinchi shaxslarda turgan mol-mulkini qidirish, aniqlash va qaytarishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrishi;
tashqi boshqaruvni oʻtkazish va kreditorlar bilan hisob-kitoblar qilish uchun maxsus hisobvaraq ochishi;
tashqi boshqaruv rejasini ishlab chiqishi va kreditorlar yigʻilishi tasdiqlashi uchun taqdim etishi;
buxgalteriya, statistika hisobi va hisobdorligini yuritishi;
kreditorlarning qarzdorga nisbatan talablari yuzasidan belgilangan tartibda eʼtirozlar bildirishi;
qarzdor oldidagi qarzni undirish choralarini koʻrishi;
kreditorlarning talablari reyestrini yuritishi;
kreditorlar yigʻilishiga tashqi boshqaruv rejasi bajarilishining borishi va yakunlari haqida hisobotlar taqdim etishi shart;
kreditorning talabiga koʻra qarzdorning moliyaviy ahvoli va (yoki) oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni oʻn kunlik muddatda taqdim etishi.
Tashqi boshqaruvchining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
