93-modda. Kreditorlarning talablarini qondirishga nisbatan moratoriy
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Kreditorlarning talablarini qondirishga nisbatan moratoriy tashqi boshqaruv joriy etilgunga qadar bajarilish muddati kelgan pul majburiyatlariga va (yoki) majburiy toʻlovlarga tatbiq etiladi, qarzdorga nisbatan kuzatuv va (yoki) sud sanatsiyasi joriy etilganidan keyin yuzaga kelgan pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar bundan mustasno.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar yuzasidan moratoriyning amal qilish muddati mobaynida:
undiruv soʻzsiz (akseptsiz) tartibda amalga oshiriladigan ijro hujjatlari va boshqa hujjatlar boʻyicha undiruvga yoʻl qoʻyilmaydi;
pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar boʻyicha majburiyat bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun neustoyka (jarima, penya) va boshqa iqtisodiy (moliyaviy) sanksiyalar qoʻllanilmaydi, qarzdorga nisbatan kuzatuv va (yoki) sud sanatsiyasi joriy etilganidan keyin yuzaga kelgan pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar, shuningdek toʻlanishi lozim boʻlgan foizlar bundan mustasno.
Tashqi boshqaruv joriy etilgan paytdagi pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar boʻyicha kreditorlar talablarining summasiga Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 327-moddasida nazarda tutilgan tartibda va miqdorda foizlar hisoblanadi. Bu foizlar qarzdorga nisbatan tashqi boshqaruv joriy etilgan sanadan eʼtiboran bir navbatdagi talablarga va iqtisodiy sud tomonidan shu navbat talablari boʻyicha kreditorlar bilan hisob-kitoblarni boshlash haqida ajrim chiqariladigan sanaga qadar yoki qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilinadigan paytga qadar hisoblanadi. Hisoblab chiqarilgan foizlar summasi kreditorga asosiy qarz summasini toʻlash bilan bir vaqtda toʻlanishi lozim.
Moratoriy tashqi boshqaruvchi shartnomani bajarishdan ushbu Qonunning 102-moddasiga muvofiq bosh tortganligi oqibatida yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi kreditorlar talablariga ham tatbiq etiladi.
Ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar bajarilish muddati tashqi boshqaruv joriy etilganidan keyin boshlangan pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
