94-modda. Tashqi boshqaruvchilikka nomzod taqdim etish tartibi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Tashqi boshqaruvni joriy qilish haqida iqtisodiy sudga iltimosnoma bilan murojaat etish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan kreditorlar yigʻilishi tashqi boshqaruvchilikka nomzodni maʼqullaydi.
Tashqi boshqaruvchilikka nomzod kreditorlar yigʻilishiga har qanday kreditor tomonidan yoki bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi tomonidan taklif etilishi mumkin.
Kreditorlar yigʻilishi tomonidan qaror qabul qilishning ushbu Qonunning 13-moddasida nazarda tutilgan tartibiga muvofiq kreditorlarning eng koʻp ovozini olgan shaxsning nomzodi iqtisodiy sudga taklif etiladi.
Iqtisodiy sud tashqi boshqaruvni kreditorlar yigʻilishining tashqi boshqaruvni joriy etish toʻgʻrisida iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat etish haqidagi qarori boʻlmagan holda joriy etayotgan boʻlsa, kreditorlar yigʻilishi tashqi boshqaruvchilikka nomzodni iqtisodiy sud tashqi boshqaruvni joriy etish toʻgʻrisida ajrim chiqargan paytdan eʼtiboran uch haftalik muddat ichida koʻrib chiqish, maʼqullash va iqtisodiy sudga taqdim etishga haqli.
Tashqi boshqaruvchilikka nomzod kreditorlar yigʻilishi tomonidan taqdim etilmagan taqdirda, iqtisodiy sud bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi tomonidan taklif etilgan nomzodlar orasidan tashqi boshqaruvchini tayinlaydi.
