92-modda. Tashqi boshqaruvni joriy etish oqibatlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Tashqi boshqaruv joriy etilgan paytdan eʼtiboran:
qarzdorning rahbari oʻz vazifasini bajarishdan chetlashtiriladi, qarzdorning ishlarini boshqarish tashqi boshqaruvchi zimmasiga yuklatiladi. Tashqi boshqaruvchi qarzdorning rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi yoki mazkur rahbarni boshqa ishga oʻtkazish toʻgʻrisida buyruq chiqarishi shart;
qarzdorning boshqaruv organlari vakolatlari tugatiladi. Qarzdorning rahbari va qarzdorning boshqa boshqaruv organlari vakolatlari tashqi boshqaruvchiga oʻtadi, ushbu Qonunga muvofiq boshqa shaxslarga (organlarga) oʻtadigan vakolatlar bundan mustasno. Qarzdorning boshqaruv organlari tashqi boshqaruvchi tayinlangan paytdan eʼtiboran uch ish kuni ichida qarzdorning buxgalteriya hujjatlari va boshqa hujjatlari, muhrlari va shtamplari (muhrlar va shtamplar mavjud boʻlgan taqdirda), moddiy va boshqa qimmatliklari tashqi boshqaruvchiga topshirilishini taʼminlashi shart;
kreditorlarning talablarini taʼminlash yuzasidan ilgari koʻrilgan chora-tadbirlar bekor qilinadi;
qarzdorning mol-mulkini xatlash va qarzdorga nisbatan uning oʻziga tegishli mol-mulkni tasarruf etish borasidagi vakolatlarini boshqacha tarzda cheklovlar faqat bankrotlik taomili doirasida qoʻllanilishi mumkin;
qarzdorning pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlari yuzasidan kreditorlar talablarining qondirilishiga nisbatan moratoriy joriy etiladi, ushbu Qonunning 93-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Tashqi boshqaruv joriy etilishidan oldin, mazkur tartib-taomil joriy etilgandan keyin olingan hosilga, mahsulotga va qarzdorning majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida berilgan mol-mulkidan foydalanishdan olingan daromadlarga nisbatan kreditorning oʻz talablarini bajarish taʼminoti sifatidagi huquqi tatbiq etilmaydi.
Tashqi boshqaruv tugaganidan keyin pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar boʻyicha kreditorlarga qarzdor toʻlashi shart boʻlgan neustoyka (jarima, penya), shuningdek yetkazilgan zarar summalari tashqi boshqaruvni joriy etish paytidagi mavjud miqdorlarda toʻlash uchun taqdim etilishi mumkin.
