91-modda. Tashqi boshqaruvni joriy etish tartibi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Agar qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklashning haqiqiy imkoniyati aniqlangan boʻlsa, tashqi boshqaruv kreditorlar yigʻilishining iltimosnomasi, ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonalar boʻyicha esa bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining arizasi asosida iqtisodiy sud tomonidan joriy etiladi.
Iqtisodiy sudning tashqi boshqaruvni joriy etish toʻgʻrisidagi ajrimi darhol ijro etilishi lozim va bu ajrim ustidan qonunchilikda belgilangan muddatda shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
Tashqi boshqaruv, agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, oʻn ikki oydan yigirma toʻrt oygacha muddatga joriy etiladi.
Tashqi boshqaruv uchun belgilangan muddat kreditorlar yigʻilishining iltimosnomasiga, bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining qaroriga yoki tashqi boshqaruvchining arizasiga koʻra iqtisodiy sud tomonidan ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan muddatlar doirasida qisqartirilishi yoki uzaytirilishi mumkin.
Sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruvning jami muddati oʻttiz oydan oshmasligi kerak.
Agar sud sanatsiyasi joriy etilgan sanadan to iqtisodiy sud tashqi boshqaruvni joriy etish haqidagi masalani koʻrib chiqishigacha oʻn sakkiz oydan ortiq vaqt oʻtgan boʻlsa, iqtisodiy sud qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqida qaror chiqaradi.
