65-modda. Muvaqqat boshqaruvchini tayinlash
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Muvaqqat boshqaruvchi kreditorlar yoki bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi yoxud sud boshqaruvchilarining professional birlashmasi taklif etgan nomzodlar orasidan iqtisodiy sud tomonidan tayinlanadi.
Iqtisodiy sudning muvaqqat boshqaruvchini tayinlash toʻgʻrisidagi ajrimida unga toʻlanadigan haq miqdori va uni toʻlash tartibi koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Muvaqqat boshqaruvchiga toʻlanadigan haq miqdori kreditorlar yigʻilishining qarori asosida iqtisodiy sud tomonidan oʻzgartirilishi mumkin.
Muvaqqat boshqaruvchi uni oʻz vazifasini bajarishdan ozod etish toʻgʻrisidagi ariza bilan iqtisodiy sudga murojaat etishga haqli.
Muvaqqat boshqaruvchining uni oʻz vazifasini bajarishdan ozod etish toʻgʻrisidagi iltimosnomasi qanoatlantirilgan taqdirda iqtisodiy sud kreditorlar taklif etgan nomzodlar orasidan yangi muvaqqat boshqaruvchini tayinlaydi. Muvaqqat boshqaruvchining nomzodi koʻrsatilmagan boʻlsa, iqtisodiy sud muvaqqat boshqaruvchini bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi yoxud sud boshqaruvchilarining professional birlashmasi taklif etgan nomzodlar orasidan tayinlaydi. Muvaqqat boshqaruvchi yangi muvaqqat boshqaruvchi tayinlangunga qadar oʻz vazifasini bajarishni davom ettiradi.
