64-modda. Kuzatuv jarayonida qarzdor vakolatlarining cheklanishi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Kuzatuvning joriy etilishi qarzdorning rahbarini hamda qarzdorning ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida belgilangan cheklovlar bilan oʻz vakolatlarini amalga oshirishni davom ettirayotgan boshqa boshqaruv organlarini chetlashtirish uchun asos hisoblanmaydi.
Qarzdorning boshqaruv organlari:
koʻchmas mol-mulkni ijaraga, garovga berish bilan yoki shu mol-mulkni boshqa usulda tasarruf etish bilan bogʻliq bitimlarni;
qarzdorning balans qiymati qarzdor aktivlari balans qiymatining oʻn foizidan koʻprogʻini tashkil etadigan mol-mulkini tasarruf etish bilan bogʻliq bitimlarni;
zayomlar (kreditlar) olish va berish, kafolat xatlari va kafolatlar berish, talab qilish huquqlaridan oʻzga shaxs foydasiga voz kechish, qarzni boshqa shaxsga oʻtkazish, shuningdek qarzdorning mol-mulkini ishonchli boshqarish shartnomasini tuzish bilan bogʻliq bitimlarni faqat muvaqqat boshqaruvchining yozma roziligiga binoan tuzishlari mumkin.
Qarzdorning boshqaruv organlari quyidagi qarorlarni qabul qilishga haqli emas:
Qarzdorni qayta tashkil etish (qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish, oʻzgartirish) va tugatish toʻgʻrisidagi qaror;
yuridik shaxslarni tuzish haqidagi yoki boshqa yuridik shaxslarning ishtiroki toʻgʻrisidagi qaror;
vakolatxonalar ochish va filiallar tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror;
dividendlar toʻlash yoki qarzdorning daromadini (foydasini) uning muassislari (ishtirokchilari) oʻrtasida taqsimlash toʻgʻrisidagi qaror;
qarzdor tomonidan obligatsiyalar va boshqa emissiya qogʻozlarini joylashtirish toʻgʻrisidagi qaror, aksiyalar chiqarish haqidagi qaror bundan mustasno;
ilgari chiqarilgan aksiyalarni aksiyadorlardan sotib olish toʻgʻrisidagi qaror.
