63-modda. Kuzatuvni joriy etish oqibatlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Kuzatuv joriy etilgan paytdan eʼtiboran:
mulkiy undiruvlar boʻyicha ijro hujjatlarini ijro etish toʻxtatib turiladi, ish haqi boʻyicha, mualliflik shartnomalari boʻyicha haqlarni, alimentlarni toʻlash boʻyicha qarzdorlikni undirish haqidagi, shuningdek hayot yoki sogʻliqqa yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash va maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish haqidagi, iqtisodiy sud tomonidan qarzdorni bankrot deb topish haqidagi ariza ish yuritishga qabul qilingan paytga qadar qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari asosida berilgan ijro hujjatlarini ijro etish bundan mustasno. Iqtisodiy sudning arizani ish yuritishga qabul qilish va bankrotlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ajrimi ijro hujjatlarini ijro etishni toʻxtatib turish uchun asos boʻladi;
qarzdor yuridik shaxs muassislarining (ishtirokchilarining) uning tarkibidan muassislari (ishtirokchilari) chiqib ketishi munosabati bilan qarzdorning mol-mulkidan ulushni (payni) ajratish haqidagi talablarini qondirish taqiqlanadi;
emissiya qimmatli qogʻozlari boʻyicha dividendlar va boshqa toʻlovlarni toʻlash taqiqlanadi;
muqobil bir xildagi talabni hisobga olish yoʻli bilan qarzdorning pul majburiyatlarini tugatishga, basharti bunda ushbu Qonunning 134 va 169-moddalarida nazarda tutilgan kreditorlarning talablarini qondirish navbati buzilsa, yoʻl qoʻyilmaydi.
Qarzdordan pul mablagʻlarini olish toʻgʻrisidagi talablar qarzdorga talablar qoʻyishning faqat ushbu Qonunda belgilangan tartibiga rioya etilgan holda qoʻyilishi mumkin.
