66-modda. Muvaqqat boshqaruvchining huquqlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Muvaqqat boshqaruvchi quyidagilarga haqli:
bitimlarni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida, shuningdek qarzdor tomonidan qonunchilikda belgilangan talablar buzilgan holda tuzilgan yoki ijro etilgan oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimlarning haqiqiy emasligi oqibatlarining qoʻllanilishi haqida iqtisodiy sudga oʻz nomidan talablar qoʻyish;
ushbu Qonunning 63-moddasida nazarda tutilgan hollarda kuzatuv davrida kreditorlarning talablarini bajarishga eʼtiroz bildirish;
kreditorlarning talablari boʻyicha qarzdorning taqdim etilgan eʼtirozlari asosliligi sudya tomonidan tekshirilishida ishtirok etish;
qarzdorning mol-mulki but saqlanishini taʼminlash yuzasidan qoʻshimcha choralar koʻrish haqidagi, shu jumladan muvaqqat boshqaruvchining roziligisiz ushbu Qonunning 64-moddasida nazarda tutilmagan bitimlar tuzishni taqiqlash haqidagi, mol-mulkni saqlash uchun uchinchi shaxslarga berish haqidagi, shuningdek bunday choralarni bekor qilish haqidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat etish;
qarzdorning rahbarini vazifasini bajarishdan chetlashtirish toʻgʻrisida iqtisodiy sudga iltimosnoma bilan murojaat etish;
qarzdorning faoliyatiga taalluqli har qanday axborot va hujjatlarni olish.
Muvaqqat boshqaruvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Qarzdorning boshqaruv organlari muvaqqat boshqaruvchining talabiga binoan unga qarzdorning faoliyatiga taalluqli har qanday axborotni taqdim etishi shart.
