58-modda. Sud xarajatlarini va sud boshqaruvchilariga haq toʻlash xarajatlarini taqsimlash
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Sud xarajatlari, shu jumladan toʻlov kechiktirilgan yoki boʻlib-boʻlib toʻlanadigan davlat boji boʻyicha xarajatlar, maʼlumotlarni ushbu Qonunning 52 va 53-moddalarida nazarda tutilgan tartibda rasmiy nashrda eʼlon qilish xarajatlari, shuningdek sud boshqaruvchilariga haq toʻlash xarajatlari qarzdorning mol-mulkiga tegishli boʻlib, ana shu mol-mulk hisobidan navbatdan tashqari qoplanadi.
Kelishuv bitimida ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan xarajatlarni taqsimlashning boshqacha tartibi nazarda tutilishi mumkin.
Iqtisodiy sud qarzdorning bankrotligi alomatlari yoʻqligi munosabati bilan qarzdorni bankrot deb topishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan taqdirda, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xarajatlar iqtisodiy sudga kreditorning qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizasi bilan murojaat etgan kreditorlarga tegishli boʻladi va kreditorlar oʻrtasida ularning talablariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Sud xarajatlarini va sud boshqaruvchilariga haq toʻlash xarajatlarini taqsimlash tartibi iqtisodiy sudning bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilingan qarorida yoki ajrimida belgilanadi.
