59-modda. Arizalar va shikoyatlarni koʻrib chiqish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Kuzatuv, sud sanatsiyasi, tashqi boshqaruv yoki tugatishga doir ish yuritish jarayonida sud boshqaruvchisi ushbu Qonunga muvofiq bergan arizalar, shu jumladan oʻzi bilan kreditorlar oʻrtasida, oʻzi bilan qarzdor oʻrtasida kelib chiqqan kelishmovchiliklar toʻgʻrisida bergan arizalar, shuningdek kreditorlarning oʻz huquq va qonuniy manfaatlari buzilganligi xususidagi shikoyatlari bu ariza va shikoyatlar olingan kundan eʼtiboran oʻn besh kunlik muddatdan kechiktirmay iqtisodiy sud tomonidan koʻrib chiqiladi. Sud boshqaruvchisining arizasiga, kreditorning shikoyatiga mazkur arizani yoki shikoyatni koʻrib chiqishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga ularning nusxalari yuborilganligiga oid dalillar ilova qilinmogʻi lozim. Mazkur arizalar va shikoyatlarni koʻrib chiqish natijalari yuzasidan iqtisodiy sud ajrim chiqaradi. Bu ajrim ustidan qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
Quyidagilar:
mehnat shartnomasi asosida ishlovchi shaxslarga mehnat haqi toʻlash va ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlash boʻyicha talablarning miqdori va tarkibi xususida sud boshqaruvchisi va qarzdor xodimlarining vakili oʻrtasida kelib chiqadigan kelishmovchiliklar;
kreditorlar, qarzdor muassislarining (ishtirokchilarining) yoki qarzdor mol-mulki egasining vakillari tomonidan ularning huquq va qonuniy manfaatlarini buzayotgan sud boshqaruvchisi harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilgan shikoyatlar ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
Iqtisodiy sudning ajrimi ustidan shikoyat berish (protest keltirish) huquqiga ega boʻlmagan shaxslar tomonidan berilgan, shuningdek ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibni buzgan holda yoki tegishli ariza yoxud shikoyatni tasdiqlovchi dalillar ilova qilinmasdan berilgan ariza va shikoyatlar qaytarilishi kerak.
