57-modda. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni toʻxtatib turish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritish Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha toʻxtatib turilishi mumkin.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni toʻxtatib turish iqtisodiy sud tomonidan sud boshqaruvchisining harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilgan ariza va shikoyatlarni, shuningdek kreditorlarning talablari miqdori, tarkibi va ularni qondirish navbatiga doir kelishmovchiliklarni koʻrib chiqishga monelik qilmaydi.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritish toʻxtatib turilgan taqdirda iqtisodiy sud ushbu Qonunning 50-moddasida nazarda tutilgan sud hujjatlarini qabul qilishga haqli emas.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni toʻxtatib turish iqtisodiy sud tomonidan ushbu Qonunda nazarda tutilgan ajrimlarni chiqarish uchun, shuningdek sud boshqaruvchisi va bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar ushbu Qonunda nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirishi uchun monelik qilmaydi.
Korxonaning rahbariga yoki muassislariga (ishtirokchilariga) yoxud mulkdoriga nisbatan korxonani bankrotlikka olib kelgan harakatlari (harakatsizligi) uchun jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan taqdirda bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni yuritish jinoyat ishlari boʻyicha sud tomonidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha qaror qabul qilinguniga qadar toʻxtatib turiladi.
