159-modda. Shaharni tashkil etuvchi qarzdor korxonani hamda unga tenglashtirilgan qarzdor korxonani sotish shartlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Shaharni tashkil etuvchi qarzdor korxona hamda unga tenglashtirilgan qarzdor korxona tashqi boshqaruv chogʻida kreditorlarning talablarini qondirish maqsadida mulkiy majmua sifatida sotilishi mumkin. Shaharni tashkil etuvchi korxonani hamda unga tenglashtirilgan korxonani sotish tanlov yoki auksion oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Shaharni tashkil etuvchi korxonani tanlovda sotishning majburiy shartlari quyidagilar hisoblanadi:
shaharni tashkil etuvchi korxona sotilayotgan paytda unda ishlab turgan xodimlarning kamida yetmish foizi uchun ish joylarini saqlab qolish;
shaharni tashkil etuvchi korxonaning faoliyat sohasi oʻzgartirilgan taqdirda mazkur xodimlarni qayta oʻqitish yoki ishga joylashtirish borasida xaridorning majburiyatlari.
Davlatning mudofaa qobiliyati va xavfsizligi saqlab turilishini taʼminlovchi korxonani tanlovda sotishning majburiy shartlari quyidagilar hisoblanadi:
davlatning mudofaa qobiliyati va xavfsizligi saqlab turilishini taʼminlovchi korxona mulkiy majmuasining hamda safarbarlik maqsadidagi mol-mulkning belgilangan maqsadi saqlab qolinishini taʼminlash;
qarzdorning davlat mudofaasiga oid buyurtmalar, davlatning mudofaa qobiliyati va xavfsizligi sohasidagi ehtiyojlarini taʼminlashga doir ishlarni amalga oshirish bilan bogʻliq shartnomalarni bajarish.
Tabiiy monopoliyalarning subyekti boʻlgan korxonani tanlovda sotishning majburiy shartlari quyidagilar hisoblanadi:
tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisidagi qonunchilikning tartibga solish predmeti boʻlgan tovarlar yetkazib berish shartnomalari boʻyicha qarzdorning majburiyatlarini sotib oluvchi oʻz zimmasiga olishga roziligi, ishlab chiqarilayotgan va (yoki) realizatsiya qilinayotgan tovarlardan (ishlardan, xizmatlardan) isteʼmolchilarning erkin foydalana olishi taʼminlanganligi;
agar qarzdorning faoliyati litsenziyalanishi lozim boʻlsa, tegishli faoliyat turini amalga oshirish uchun xaridorda litsenziya boʻlishi.
Tanlovning mazkur moddaning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilmagan shartlari faqat kreditorlar yigʻilishining roziligi bilan ushbu Qonunning 13-moddasida nazarda tutilgan tartibda belgilanishi mumkin.
