158-modda. Tashqi boshqaruv muddatini uzaytirish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Shaharni tashkil etuvchi korxonaning hamda unga tenglashtirilgan korxonaning tashqi boshqaruvi mahalliy davlat hokimiyati organining iltimosnomasi boʻlgan taqdirda iqtisodiy sud tomonidan uzogʻi bilan bir yil muhlatga uzaytirilishi mumkin.
Shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxona faoliyatiga investitsiya kiritish, xodimlarni ishga joylashtirish, yangi ish joylarini yaratish yoʻli bilan hamda qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklashning boshqa usullari bilan korxonaning moliyaviy ahvolini yaxshilash rejasi tashqi boshqaruvni ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddatdan koʻproq muhlatga uzaytirish uchun asos boʻladi.
Tegishincha mahalliy davlat hokimiyati organining, vazirlik, davlat qoʻmitasi, idoraning hamda xoʻjalik boshqaruvi organining iltimosnomasiga binoan qarzdorning pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlari yuzasidan kafillik berish sharti bilan shaharni tashkil etuvchi korxonaning hamda unga tenglashtirilgan korxonaning tashqi boshqaruv muddati besh yilgacha uzaytirilishi mumkin. Bunday hollarda qarzdor va uning kafili kreditorlar bilan hisob-kitob qilishga ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlardan kechikmay kirishishi shart.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan talablarga rioya qilinmasligi qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash uchun asos boʻladi.
