157-modda. Shaharni tashkil etuvchi korxonaning hamda unga tenglashtirilgan korxonaning tashqi boshqaruvi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Shaharni tashkil etuvchi korxonaning hamda unga tenglashtirilgan korxonaning tashqi boshqaruvi iqtisodiy sud tomonidan kreditorlar yigʻilishining qarori asosida, bunday qaror boʻlmasa, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organining yoki vazirlik, davlat qoʻmitasi, idoraning va xoʻjalik boshqaruvi organining iltimosnomasiga binoan, ular qarzdorning majburiyatlari yuzasidan taʼminot bergan taqdirda, joriy etilishi mumkin.
Tashqi boshqaruv rejasi shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxona tomonidan mazkur rejani kreditorlar yigʻilishiga taqdim etishdan oldin mahalliy davlat hokimiyati organi bilan, davlat mudofaa buyurtmasini amalga oshiruvchi korxonalar boʻyicha esa vazirlik, davlat qoʻmitasi, idora va xoʻjalik boshqaruvi organi bilan kelishib olingan boʻlishi kerak.
Tegishincha mahalliy davlat hokimiyati organining hamda vazirlik, davlat qoʻmitasi, idoraning, xoʻjalik boshqaruvi organining iltimosnomasiga binoan ular tomonidan qarzdorning majburiyatlarni bajarishi taʼminoti taʼminlangan taqdirda, shu jumladan davlat kafolatlarini berish yoʻli bilan taʼminlanganda, iqtisodiy sud qarzdorning sud sanatsiyasiga oʻtishi toʻgʻrisida, agar ilgari bunday taomil qarzdorga nisbatan qoʻllanilgan boʻlmasa, qaror qabul qilishi mumkin.
