160-modda. Shaharni tashkil etuvchi bankrot deb topilgan qarzdor korxonaning hamda unga tenglashtirilgan bankrot deb topilgan qarzdor korxonaning mol-mulkini sotish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Shaharni tashkil etuvchi bankrot deb topilgan qarzdor korxonaning hamda unga tenglashtirilgan bankrot deb topilgan qarzdor korxonaning mol-mulki sotilayotganida tugatish boshqaruvchisi korxonani dastlabki kimoshdi savdosida sotishga mulkiy majmua sifatida taklif etishi lozim.
Agar shaharni tashkil etuvchi qarzdor korxonaning hamda unga tenglashtirilgan qarzdor korxonaning mol-mulki mulkiy majmua sifatida sotilmagan boʻlsa, qarzdorning mol-mulkini sotish ushbu Qonunning 111-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Tabiiy monopoliya subyekti boʻlgan qarzdor korxonaning tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish jarayonida foydalanadigan mol-mulki kimoshdi savdosiga faqat mulkiy majmua sifatida qoʻyiladi.
Tugatuvchi boshqaruvchi, agar tabiiy monopoliya subyekti boʻlgan qarzdor korxona tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish shartnomalari bajarilishining toʻxtatilishi aholining hayotiy faoliyati yoki ishlab chiqarishning uzluksiz turkumiga asoslangan korxonalar faoliyati sharoitini buzadigan boʻlsa, bunday shartnomalar bajarilishini taʼminlashi shart.
Tabiiy monopoliya subyekti boʻlgan qarzdor korxonani tugatishga doir ish yuritish iqtisodiy sudning qarori qabul qilingan va tugatish boshqaruvchisi tayinlangan sanadan eʼtiboran kechi bilan olti oy ichida tamomlanishi kerak. Agar mazkur muddat tugaganidan keyin korxonaning mol-mulki sotilmay qolsa, tugatish boshqaruvchisi kreditorlar yigʻilishining qaroriga binoan, yigʻilish rad etgan taqdirda esa mahalliy davlat hokimiyati organining qaroriga binoan ushbu Qonunning 115-moddasida nazarda tutilgan tartibga muvofiq aktivlar oʻrnini almashtirish yoʻli bilan tugatishga doir ish yuritishni tamomlaydi.
