149-modda. Kelishuv bitimini iqtisodiy sud tomonidan tasdiqlash shartlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Kelishuv bitimi faqat xarajatlar qoplanganidan va ushbu Qonun 134-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan talablar hamda ish haqini toʻlash uchun pul mablagʻlari berilishini nazarda tutuvchi toʻlov hujjatlari boʻyicha talablar qondirilganidan keyin iqtisodiy sud tomonidan tasdiqlanishi mumkin.
Qarzdor, tashqi boshqaruvchi yoki tugatish boshqaruvchisi kelishuv bitimi imzolangan paytdan eʼtiboran besh kun ichida iqtisodiy sudga kelishuv bitimi tuzilganligini tasdiqlovchi ariza taqdim etishi kerak.
Kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinishi lozim:
kelishuv bitimining matni;
kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan kreditorlar yigʻilishining bayonnomasi;
qarzdor kreditorlarining talablari reyestri;
ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan xarajatlar qoplanganligini va talablar qondirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi masala boʻyicha ovoz berishda ishtirok etmagan yoki kelishuv bitimini tuzishga qarshi ovoz bergan kreditorlarning yozma eʼtirozlari;
qonunchilikka muvofiq boshqa hujjatlar.
Iqtisodiy sud kelishuv bitimi koʻrib chiqiladigan sana haqida manfaatdor taraflarni xabardor qiladi. Xabardor qilingan shaxslarning hozir boʻlmasligi bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrishga monelik qilmaydi.
