148-modda. Kelishuv bitimining mazmuni
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Kelishuv bitimida qarzdor pul majburiyatlarining miqdori, ularni bajarish tartibi va muddatlari toʻgʻrisidagi va (yoki) voz kechish haqini berish, majburiyatlarni yangilash, qarzni kechish yoʻli bilan yoxud qarzdorning pul majburiyatlarini qonunchilikda nazarda tutilgan oʻzga usullar bilan tugatish toʻgʻrisidagi qoidalar boʻlishi kerak.
Kelishuv bitimida quyidagi shartlar koʻrsatilishi mumkin:
pul majburiyatlarining toʻlovi kechiktirilganligi yoki boʻlib-boʻlib toʻlanishi toʻgʻrisidagi shartlar;
qarzdorning talab qilish huquqlaridan oʻzganing foydasiga voz kechish toʻgʻrisidagi shartlar;
qarzdorning pul majburiyatlarini uchinchi shaxslar tomonidan bajarish toʻgʻrisidagi shartlar;
qarzlardan siylov berish toʻgʻrisidagi shartlar;
qonunchilikka muvofiq majburiy toʻlovlarni toʻlash muddatlari va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi shartlar;
kreditorlarning talablarini qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa usullar bilan qondirish toʻgʻrisidagi shartlar.
Kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi masala boʻyicha ovoz berishda ishtirok etmagan, shuningdek uni tuzishga qarshi ovoz bergan kreditorlar uchun kelishuv bitimining shartlari uni tuzishni yoqlab ovoz bergan, shu navbatning oʻzidagi kreditorlar uchun belgilangan shartlardan yomon boʻlishi mumkin emas.
Agar kelishuv bitimida boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa, qarzdorning oʻz zimmasiga olgan majburiyatlari bajarilishini taʼminlovchi mol-mulk garovi saqlanib qoladi.
