150-modda. Kelishuv bitimini iqtisodiy sud tomonidan tasdiqlash oqibatlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Kuzatuv, sud sanatsiyasi, tashqi boshqaruv va tugatishga doir ish yuritish jarayonida iqtisodiy sud tomonidan kelishuv bitimining tasdiqlanishi bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritishning tugatilishiga asos boʻladi.
Kelishuv bitimi iqtisodiy sud tomonidan tasdiqlangan paytdan eʼtiboran sud boshqaruvchilarining vakolatlari tugatiladi. Qarzdor yuridik shaxsning tashqi boshqaruvchisi va tugatish boshqaruvchisi qarzdorning rahbari tayinlangunga (saylangunga) qadar oʻz vakolatlarini bajarishni davom ettirib turadi.
Kelishuv bitimi tasdiqlangan paytdan eʼtiboran tegishincha qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxs yoki qarzdorning rahbari, tashqi boshqaruvchi yoxud tugatish boshqaruvchisi yoki uchinchi shaxs kreditorlar oldidagi qarzni uzishga kirishadi.
