14-modda. Kreditorlarning talablari reyestri
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Kreditorlarning talablari reyestrini sud boshqaruvchisi yuritadi.
Kreditorlarning talablari hisobi reyestrda Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida yuritiladi. Kreditorlarning chet el valyutasida ifodalangan talablari qonunchilikda belgilangan tartibda kreditorlarning talablari reyestrida hisobga olinadi. Kreditorlarning talablari reyestrida har bir kreditor haqidagi, pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar boʻyicha kreditor talablarining aniqlangan miqdori, har bir talabning qondirilish navbati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi.
Kreditor talablar bayon etilgan arizada oʻzi haqidagi maʼlumotlarni, shu jumladan firmaning toʻliq nomini, joylashgan erini (pochta manzilini), pasportga oid maʼlumotlarini (jismoniy shaxslar uchun), shuningdek bank rekvizitlarini (agar ular boʻlsa) koʻrsatishi shart.
Talablari kreditorlarning talablari reyestriga kiritilgan shaxs oʻzi xususidagi maʼlumotlar oʻzgarganligi haqida, shuningdek qarzdorga nisbatan oʻz talablarining miqdori va tarkibi oʻzgarganligi, shu jumladan talablaridan uchinchi shaxslar foydasiga voz kechganligi haqida sud boshqaruvchisiga bir haftalik muddat ichida xabar berishi shart. Bunday maʼlumotlar taqdim etilmagan yoki oʻz vaqtida taqdim etilmagan taqdirda shu munosabat bilan yetkazilgan zararlar uchun sud boshqaruvchisi va qarzdor javobgar boʻlmaydi.
Kreditorlarga talablar reyestri bilan tanishish imkoniyati taʼminlanishi lozim. Sud boshqaruvchisi kreditor yoki uning vakili talabi bilan mazkur kreditorga yoki uning vakiliga talablari qondirilishining miqdori, tarkibi va navbati toʻgʻrisida bunday talab olingan kundan eʼtiboran besh ish kuni mobaynida kreditorlarning talablari reyestridan koʻchirma yuborishi shart. Bunday koʻchirmani tayyorlash va yuborish xarajatlari kreditor zimmasiga yuklanadi.
Kreditorlarning talablari reyestrini tuzishda yuzaga keladigan kelishmovchiliklar iqtisodiy sud tomonidan koʻrib chiqiladi.
