13-modda. Kreditorlar yigʻilishining qaror qabul qilish tartibi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Ovozga qoʻyilgan masalalar boʻyicha kreditorlar yigʻilishining qarori yigʻilishda hozir boʻlgan ovoz berish huquqiga ega kreditorlarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Ovoz berish huquqiga ega boʻlgan har bir kreditor kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilayotgan sanadagi holatga koʻra umumiy kreditorlik qarzidagi oʻz ulushiga mutanosib ovozlar soniga ega boʻladi.
Kreditorlar yigʻilishi quyidagi qarorlarni ovoz berish huquqiga ega boʻlgan barcha kreditorlarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qiladi:
kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi qaror;
sud sanatsiyasini yoki tashqi boshqaruvni joriy etish, uning muddatini uzaytirish yoki uni muddatidan ilgari tugatish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat etish haqidagi qaror;
qarzdorni bankrot deb topish hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat etish toʻgʻrisidagi qaror;
sud boshqaruvchisini tayinlash, almashtirish yoki vazifasidan ozod qilish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat etish haqidagi qaror.
Agar kreditorlarning yigʻilishida ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan qarorlarni qabul qilish uchun ovoz berish huquqiga ega boʻlgan kreditorlarning zarur kvorumi boʻlmasa, kreditorlarning takroriy yigʻilishi chaqiriladi, basharti kreditorlarning yigʻilishi oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy toʻgʻrisida kreditorlar lozim darajada xabardor etilgan boʻlsa, ushbu takroriy yigʻilish bunday qarorlarni ovoz berish huquqiga ega boʻlgan va yigʻilishda hozir boʻlgan kreditorlar sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilishga vakolatli hisoblanadi.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan shaxslar kreditorlar yigʻilishining qarori ustidan iqtisodiy sudga shikoyat berishga haqli.
Sud sanatsiyasini yoki tashqi boshqaruvni joriy etish, uning muddatini uzaytirish yoki uni muddatidan ilgari tugatish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat qilish haqidagi qaror, agar buni yoqlab birinchi va ikkinchi guruh kreditorlarining koʻpchiligi ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan deb hisoblanadi. Birinchi va ikkinchi guruhlarning har biridagi kreditorlarning koʻpchiligi qarshi ovoz bergan taqdirda, shuningdek ovoz berish chogʻida guruhlardan biridagi kreditorlarning zarur ovozlari soni toʻplanmagan taqdirda, qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat qilish haqida qaror qabul qilinadi.
