12-modda. Kreditorlar yigʻilishini chaqirish tartibi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Kreditorlar yigʻilishi sud boshqaruvchisining tashabbusi bilan, kreditorlar qoʻmitasining, pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar boʻyicha talablari kreditorlarning talablari reyestriga kiritilgan pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar boʻyicha talablar umumiy summasining kamida uchdan bir qismini tashkil etuvchi kreditorlarning talabiga binoan yoxud kreditorlar umumiy sonining uchdan bir qismi tashabbusi bilan chaqiriladi.
Kreditorlar yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisidagi talabda kreditorlar yigʻilishi kun tartibiga kiritilishi lozim koʻrilayotgan masalalar taʼriflangan boʻlishi kerak.
Sud boshqaruvchisi kreditorlar qoʻmitasining yoki ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan kreditorlarning talabiga binoan chaqirilayotgan kreditorlar yigʻilishi kun tartibining masalalari taʼrifiga oʻzgartishlar kiritishga haqli emas.
Kreditorlar yigʻilishi kreditorlar qoʻmitasining yoki ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan kreditorlarning talabiga binoan tegishli ariza bilan sud boshqaruvchisiga murojaat etilgan paytdan eʼtiboran kechi bilan oʻttiz kunlik muddat ichida sud boshqaruvchisi tomonidan chaqiriladi.
Kreditorlar yigʻilishi, agar kreditorlar yigʻilishi yoki kreditorlar qoʻmitasi tomonidan boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa, qarzdorning joylashgan erida (yashash joyida) oʻtkaziladi. Kreditorlarning birinchi yigʻilishini qarzdorning joylashgan erida (yashash joyida) oʻtkazishning iloji boʻlmasa, kreditorlarning birinchi yigʻilishi oʻtkaziladigan joy sud boshqaruvchisi tomonidan belgilanadi.
