15-modda. Kreditorlar qoʻmitasi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Kreditorlar qoʻmitasi kreditorlarning manfaatlarini ifoda etadi hamda sud boshqaruvchilarining harakatlari ustidan nazorat olib boradi.
Kreditorlar qoʻmitasi tarkibiga kreditorlar yigʻilishi tomonidan belgilanadigan miqdorda kreditorlar vakillari kiritiladi.
Agar qarzdorning kreditorlari soni yigirmatadan kam boʻlsa, kreditorlar qoʻmitasining vazifalarini kreditorlar yigʻilishining qarori bilan kreditorlar yigʻilishi zimmasiga yuklash nazarda tutilishi mumkin.
Oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda kreditorlar qoʻmitasi quyidagilarga haqli:
sud boshqaruvchisidan qarzdorning moliyaviy ahvoli va bankrotlik taomilining borishi toʻgʻrisida axborot taqdim etishni talab qilish;
sud boshqaruvchisining harakatlari (harakatsizligi) ustidan iqtisodiy sudga shikoyat berish;
bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etish uchun oʻz vakilini saylash;
ushbu Qonunda va sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv rejasida nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish.
Kreditorlar qoʻmitasi quyidagi qarorlarni qabul qilishga haqli:
kreditorlar yigʻilishini chaqirish toʻgʻrisidagi qaror;
sud boshqaruvchisining tayinlanishi, almashtirilishi yoki vazifasidan ozod qilinishi toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat etishni kreditorlar yigʻilishiga tavsiya qilish haqidagi qaror;
qarzdorning yirik bitimlarini hamda amalga oshirilishidan qarzdor manfaatdor boʻlgan bitimlarini tasdiqlash yoki ularni tasdiqlashni rad etish toʻgʻrisidagi qaror.
Kreditorlar qoʻmitasining yigʻilishida masalalarni hal etishda kreditorlar qoʻmitasining har bir aʼzosi bir ovozga ega boʻladi. Kreditorlar qoʻmitasining aʼzosi ovoz berish huquqini boshqa shaxsga oʻtkazishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Kreditorlar qoʻmitasining qarori kreditorlar qoʻmitasi aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Kreditorlar qoʻmitasi yigʻilishlarida qarzdor xodimlarining vakili, sud boshqaruvchisi, qarzdor muassislarining (ishtirokchilarining) yoki qarzdor mol-mulki egasining vakili ovoz berish huquqisiz ishtirok etishi mumkin.
