124-modda. Tugatishga doir ish yuritishni boshlash
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Iqtisodiy sud tomonidan qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi tugatishga doir ish yuritishning boshlanishiga sabab boʻladi.
Tugatishga doir ish yuritish muddati toʻqqiz oydan oshishi mumkin emas. Zarurat boʻlganda bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga koʻra yoki iqtisodiy sudning tashabbusi bilan bu muddat koʻpi bilan uch oyga uzaytirilishi mumkin.
Tugatishga doir ish yuritish muddatini uzaytirish uchun quyidagi holatlar asos boʻlishi mumkin:
iqtisodiy sud ishini yuritishda qarzdor yuridik shaxsning yoki uning kreditorlarining mulkiy manfaatiga daxl qiluvchi ishning mavjudligi;
qarzdor yuridik shaxsning realizatsiya qilinmagan mol-mulki mavjudligi, bundan ushbu Qonunning 56-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno;
soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish va qasddan bankrotlikka olib kelish, qarzdorning mansabdor shaxslari tomonidan qarzdor yuridik shaxsning va uning kreditorlarining manfaatlariga qarshi boshqa huquqbuzarliklar yoki jinoyatlar sodir etilganligi alomatlari boʻyicha jinoyat ishining mavjudligi;
tugatish boshqaruvchisining tugatish taomilini oʻtkazish natijalari toʻgʻrisidagi hisobotini tasdiqlash rad etilganligi toʻgʻrisidagi iqtisodiy sudning ajrimida koʻrsatilgan qonunchilik buzilishlarini bartaraf etish zarur boʻlganda;
bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi tomonidan aniqlangan qonunchilik buzilishlarini bartaraf etish zarur boʻlganda.
Iqtisodiy sudning tugatishga doir ish yuritish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
Iqtisodiy sud qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi qarorida qarzdor yuridik shaxs faoliyatining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, kreditorlar yigʻilishining va (yoki) tegishli davlat hamda xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining iltimosnomasiga koʻra tugatishga doir ish yuritish qarzdorning faoliyatini toʻxtatmasdan amalga oshirilishini koʻrsatishi mumkin. Bunda qarzdor yuridik shaxsning bankrotlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatilguniga qadar tuzilgan va faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur boʻlgan shartnomalarini bajarishni toʻxtatishga yoki ularni bajarishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
