123-modda. Tashqi boshqaruvchining vakolatlarini tugatish tartibi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritishning tugatilishi yoki iqtisodiy sud tomonidan qarzdorni bankrot deb topish va qarzdorga nisbatan tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi tashqi boshqaruvchining vakolatlari tugashiga olib keladi.
Agar tashqi boshqaruv kelishuv bitimi tuzilishi yoki kreditorlarning talablari qanoatlantirilishi bilan tamomlansa, tashqi boshqaruvchi yangi rahbar saylangunga (tayinlangunga) qadar qarzdorning rahbari vazifasini bajarishni davom ettirib turadi.
Tashqi boshqaruvchi qarzdorning rahbarini saylash (tayinlash) toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish uchun qarzdorning boshqaruv organini oʻz tashabbusi bilan chaqirishga haqli. Qarzdorning va qarzdor mol-mulki egasining boshqa boshqaruv organlari vakolatlari tiklanadi.
Agar iqtisodiy sud tomonidan qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan hamda tugatish boshqaruvchisi etib boshqa shaxs tayinlangan boʻlsa, tashqi boshqaruvchi tugatish boshqaruvchisiga ishlarni topshirgunga qadar oʻz vazifasini bajarishni davom ettirib turadi. Tashqi boshqaruvchi tugatish boshqaruvchisi tayinlangan sanadan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay ishlarni unga topshirishi shart.
