125-modda. Tugatishga doir ish yuritishni boshlash oqibatlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Iqtisodiy sud tomonidan qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan paytdan eʼtiboran:
qarzdorning mol-mulkini boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq yoki uning mol-mulkini uchinchi shaxslar foydalanishi uchun topshirishga sabab boʻluvchi bitimlar tuzishga faqat ushbu bobda belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi;
qarzdorning barcha pul majburiyatlarini bajarish muddati, shuningdek kechiktirilgan majburiy toʻlovlarni toʻlash muddati boshlangan deb hisoblanadi;
qarzdorning barcha turdagi qarzlari boʻyicha neustoyka (jarima, penya) va foizlarni hisoblash tugatiladi;
mol-mulk soligʻi, yer soligʻi, shuningdek avval hisoblangan va undirilmagan majburiy toʻlovlar boʻyicha penya va jarimalar hisoblash toʻxtatib turiladi;
qarzdorning moliyaviy ahvoli toʻgʻrisidagi maʼlumotlar maxfiy toifaga (shu jumladan tijorat siriga) mansubligini yoʻqotadi;
undiruvni qarzdorning mol-mulkiga qaratishga doir barcha cheklovlar olib tashlanadi;
ijro hujjatlarini ijro etish tugatiladi. Pul majburiyatlari, majburiy toʻlovlar boʻyicha barcha talablar, boshqa mulkiy talablar faqat tugatishga doir ish yuritish doirasida qarzdorga taqdim etilishi mumkin, mulk huquqini eʼtirof etish, maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish, mol-mulkni boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olish, asossiz orttirilgan boylikni qaytarish, bitimlarni haqiqiy emas deb topish va ularning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash toʻgʻrisidagi talablar, shuningdek joriy toʻlovlar boʻyicha talablar bundan mustasno.
Tugatishga doir ish yuritish boshlanishidan oldin, mazkur ish yuritish boshlangandan keyin olingan hosilga, mahsulotga va qarzdorning majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida berilgan mol-mulkidan foydalanishdan olingan daromadlarga nisbatan kreditorning oʻz talablarini bajarish taʼminoti sifatidagi huquqi tatbiq etilmaydi.
Ushbu modda birinchi qismining sakkizinchi xatboshisiga muvofiq ijro etilishi tugatilgan ijro hujjatlari qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ijrochilari tomonidan tugatish boshqaruvchisiga oʻtkazilishi lozim. Qarzdorning barcha majburiyatlari bajarilishiga faqat tugatishga doir ish yuritish doirasida yoʻl qoʻyiladi.
