116-modda. Tashqi boshqaruvchining hisoboti
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Tashqi boshqaruvchi tashqi boshqaruv muddatlari tugashi munosabati bilan yoki uni muddatidan ilgari tugatish uchun asoslar boʻlsa, kreditorlar yigʻilishini chaqirish huquqiga ega boʻlgan shaxslarning (organlarning) talabiga binoan, shuningdek kreditorlarning talablari reyestriga muvofiq barcha kreditorlar talablarini qondirish uchun yetarli pul mablagʻlari toʻplangan taqdirda kreditorlar yigʻilishi koʻrib chiqishi uchun hisobot taqdim etishi shart.
Tashqi boshqaruvchi, agar kreditorlar yigʻilishi tomonidan hisobotni koʻrib chiqish natijalari yuzasidan muayyan navbatdagi kreditorlar bilan hisob-kitoblar boshlash haqida qaror qabul qilingan boʻlsa, iqtisodiy sudga hisobot taqdim etishi shart.
Tashqi boshqaruvchining hisobotida quyidagilar boʻlishi kerak:
qarzdorning soʻnggi hisobot sanasidagi holatga koʻra buxgalteriya balansi;
pul mablagʻlarining harakati toʻgʻrisidagi hisobot;
qarzdorning moliyaviy natijalari toʻgʻrisidagi hisobot;
qarzdorning pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar boʻyicha kreditorlarning talablarini qondirishga qaratilishi mumkin boʻlgan boʻsh pul mablagʻlari bor-yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
qarzdorning debitorlik qarzi tafsiloti hamda qarzdorning amalga oshirilmay qolgan talab qilish huquqlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
qarzdorning kreditorlik qarzini uzish imkoniyati toʻgʻrisidagi boshqa maʼlumotlar.
Tashqi boshqaruvchining hisobotiga kreditorlarning talablari reyestri ilova qilingan boʻlishi kerak.
Tashqi boshqaruvchi hisobotni taqdim etish bilan bir vaqtda kreditorlar yigʻilishiga quyidagi takliflardan birini kiritadi:
qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanganligi munosabati bilan tashqi boshqaruvni tugatish va kreditorlar bilan hisob-kitob qilishga oʻtish toʻgʻrisidagi taklif;
kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi taklif;
tashqi boshqaruvning muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi taklif;
tashqi boshqaruvni tugatish hamda qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat etish haqidagi taklif.
