117-modda. Tashqi boshqaruvchining hisobotini koʻrib chiqish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Tashqi boshqaruvchining hisoboti tashqi boshqaruvning belgilangan muddati tugagandan keyin oʻn kundan kechiktirmay yoki tashqi boshqaruvni muddatidan ilgari tugatish uchun asoslar yuzaga kelganidan keyin oʻn besh kundan kechiktirmay yoxud kreditorlar yigʻilishini chaqirish huquqiga ega boʻlgan shaxslarning (organlarning) talabiga binoan kreditorlar yigʻilishi chaqirilgan taqdirda bir oydan kechiktirmay chaqiriladigan kreditorlar yigʻilishi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Tashqi boshqaruvchi barcha kreditorlarni tashqi boshqaruvchining hisobotini koʻrib chiqish boʻyicha kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilishi toʻgʻrisida ushbu Qonunning 11-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qiladi.
Tashqi boshqaruvchi kreditorlarga tashqi boshqaruvning belgilangan muddati tugashiga kamida oʻn besh kun qolganida yoki kreditorlar yigʻilishini chaqirishning belgilangan sanasiga kamida oʻn kun qolganida tashqi boshqaruvchining hisoboti bilan oldindan tanishish imkoniyatini berishi shart.
Kreditorlar yigʻilishi tashqi boshqaruvchining hisobotini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan birini qabul qilishga haqli:
qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanganligi va kreditorlar bilan hisob-kitob qilishga kirishganligi munosabati bilan tashqi boshqaruvni tugatish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat etish haqidagi qaror;
tashqi boshqaruvning belgilangan muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat etish haqidagi qaror;
qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat etish haqidagi qaror;
kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi qaror.
