115-modda. Qarzdorning aktivlari oʻrnini almashtirish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Qarzdorning aktivlari oʻrnini almashtirish qarzdorning mol-mulki asosida bitta aksiyadorlik jamiyatini yoki bir nechta ochiq aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish orqali amalga oshiriladi.
Qarzdorning aktivlari oʻrnini almashtirish imkoniyati, agar shunday qaror qabul qilinishi uchun barcha kreditorlar ovoz bergan boʻlsalar, kreditorlarning talablari reyestriga muvofiq tashqi boshqaruv rejasiga kiritilishi mumkin.
Qarzdorning mol-mulki asosida bitta aksiyadorlik jamiyatini yoki bir nechta aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish orqali qarzdorning aktivlari oʻrnini almashtirish qarzdor mol-mulki egasining yoki qarzdorning tegishli bitimlarni tuzish haqida qaror qabul qilishga taʼsis hujjatlari bilan vakolat berilgan boshqaruv organining qarori asosida tashqi boshqaruv rejasiga kiritilishi mumkin.
Agar tashqi boshqaruv rejasida bitta aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish nazarda tutilgan boʻlsa, uning ustav fondiga qarzdorning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun moʻljallangan barcha mol-mulki, shu jumladan mulkiy huquqlari kiritiladi.
Agar tashqi boshqaruv rejasida bir nechta aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish nazarda tutilgan boʻlsa, ularning ustav fondlariga qarzdorning ayrim faoliyat turlarini amalga oshirish uchun moʻljallangan mol-mulki kiritiladi. Tashkil etilayotgan aksiyadorlik jamiyatlarining ustav fondlariga qarzdorning haq tariqasida kiritilayotgan mol-mulki tarkibi tashqi boshqaruv rejasi bilan belgilanadi.
Tashkil etilayotgan jamiyatlar ustav fondlarining miqdori kiritilayotgan mol-mulkning baholovchi tashkilot tomonidan qarzdor mol-mulki egasi yoki qarzdorning tegishli bitimlarni tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga taʼsis hujjatlari bilan vakolat berilgan boshqaruv organi takliflarini hisobga olgan holda aniqlangan baholash qiymati asosida belgilanadi.
Qarzdorning aktivlari oʻrni almashtirilayotganda qarzdorning aktivlari oʻrnini almashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingunga qadar amalda boʻlgan barcha mehnat shartnomalari, ish beruvchining huquq va majburiyatlari yangi tashkil etilayotgan aksiyadorlik jamiyatiga yoki aksiyadorlik jamiyatlariga oʻtkazilgan holda, oʻz kuchini saqlab qoladi. Qarzdorning ayrim faoliyat turlarini amalga oshirishga doir litsenziyalari qonunchilikda belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirilishi kerak.
