114-modda. Qarzdorning qoʻshimcha aksiyalarini joylashtirish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash maqsadida tashqi boshqaruv rejasida qarzdor aksiyadorlik jamiyatining qoʻshimcha aksiyalarini joylashtirish imkoniyati nazarda tutilishi mumkin. Qoʻshimcha aksiyalarni joylashtirish yoʻli bilan ustav fondini koʻpaytirish imkoniyati tashqi boshqaruv rejasiga faqat zaruriy qarorni qabul qilgan qarzdorning aksiyadorlari umumiy yigʻilishining iltimosnomasiga binoan, agar bu iltimosnoma tashqi boshqaruvchiga tashqi boshqaruv tugaydigan sanaga kamida olti oy qolganida yuborilgan boʻlsa, kiritilishi mumkin.
Qarzdor aksiyadorlik jamiyatining ustav fondini uning qoʻshimcha aksiyalarini chiqarish yoʻli bilan koʻpaytirish toʻgʻrisidagi qaror kreditorlar yigʻilishi tomonidan qabul qilinadi. Agar qarzdorning ustav fondini uning qoʻshimcha aksiyalarini joylashtirish yoʻli bilan koʻpaytirish toʻgʻrisidagi masalani hal qilishda eʼlon qilingan aksiyalarning qarzdor ustavida belgilangan miqdorini koʻpaytirish qismiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish zarur boʻlsa, unda qarzdorning ustaviga faqat qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilganidan keyin ustav fondini koʻpaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi mumkin boʻladi.
Qarzdorning qoʻshimcha aksiyalarini joylashtirish asosan ochiq obuna boʻyicha ularning haqini faqat pul mablagʻlari bilan toʻlagan holda amalga oshirilishi mumkin. Qarzdorning aksiyadorlari qarzdorning joylashtiriladigan aksiyalarini aksiyadorlik jamiyatining oʻzlariga tegishli aksiyalari miqdoriga mutanosib miqdorda va ushbu moddaning toʻrtinchi qismiga muvofiq belgilanadigan narxda sotib olishda imtiyozli huquqqa ega boʻladilar.
Qoʻshimcha aksiyalar aksiyadorlar oʻrtasida joylashtirilayotgan aksiyalarning nominal qiymatidan past boʻlmagan narxda joylashtiriladi, bunda joylashtirilayotgan aksiyalarning hammasini mazkur narxda sotish barcha kreditorlarning talablarini toʻla qanoatlantirish uchun yetarli pul mablagʻlari toʻplanishiga olib kelishi shart. Aksiyalarni aksiyadorlar oʻrtasida joylashtirish narxi qarzdorning tashqi boshqaruvchisi tomonidan belgilanadi va kreditorlarning umumiy yigʻilishida tasdiqlanadi. Qarzdorning qoʻshimcha aksiyalarini sotib olishda imtiyozli huquqni amalga oshirish uchun qarzdorning aksiyadorlariga beriladigan muddat kreditorlar yigʻilishi tomonidan belgilanadi, lekin bu muddat aksiyalarni joylashtirish boshlanadigan sanadan eʼtiboran oʻttiz kundan kam boʻlishi mumkin emas.
